Sport mahoratini oshirish sog‘lom raqobatni shakllantiradi
O‘zbekistonda yoshlarni ommaviy sportga keng jalb etish va iqtidorli sportchilarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar yangi sifat bosqichiga ko‘tarilmoqda.
Ayniqsa, 2025–2026-yillar davomida O‘zbekiston talabalar sporti assotsiatsiyasi tomonidan talabalar sportini rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va respublika miqyosida ommaviy sportni targ‘ib qilish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Assotsiatsiya Ijroiya qo‘mitasi va uning huzuridagi sport klublari uchun namunaviy yillik ish rejalari, sport klublari xodimlarining funksional vazifalari hamda ommaviy sport tadbirlarining taqvim rejalari ishlab chiqilib, belgilangan tartibda tasdiqlandi. Bu esa talabalar sporti sohasida yagona yondashuvni shakllantirish, faoliyatni tizimli tashkil etish va boshqaruv samaradorligini oshirishga zamin yaratdi. Natijada Assotsiatsiya tarkibida 15 dan ortiq yangi sport klubi tashkil etildi.
Talaba-yoshlar o‘rtasida sportni ommalashtirish, ularning salomatligini mustahkamlash, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va iqtidorli sportchilarni saralab olish maqsadida «Besh tashabbus olimpiadasi», «Universiada» hamda «Talabalar ligasi» kabi sport musobaqalari o‘tkazib kelinmoqda.

Xususan, davlatimiz rahbarining 2026-yil 24-fevral kuni yoshlar bilan o‘tkazgan uchrashuvida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida «Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi» musobaqalari tashkil etildi. O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Milliy Olimpiya qo‘mitasi hamkorligida o‘tkazilgan mazkur musobaqa talabalar sportini yanada rivojlantirish, yoshlarning sport mahoratini oshirish va ular o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Olimpiada dasturidan voleybol, gandbol, basketbolning 3x3 yo‘nalishi, stol tennisi, futbol, yengil atletika va suzish sport turlari o‘rin oldi. Musobaqaning tantanali ochilish marosimida Prezident Administratsiyasi mutasaddilari, Sport vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Milliy Olimpiya qo‘mitasi rahbariyati, oliy ta’lim muassasalari rektorlari, sport federatsiyalari vakillari hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.

E’tiborlisi, musobaqalarda ishtirok etish uchun 180 dan ortiq oliy ta’lim muassasasidan qariyb 200 ming nafar talaba ro‘yxatdan o‘tdi. Bu esa yoshlar o‘rtasida sportga qiziqish ortib borayotgani va ommaviy sport tadbirlari keng qamrov kasb etayotganining muhim ko‘rsatkichidir.
Respublika miqyosida tashkil etilayotgan musobaqalarda mahorat va tajribasini oshirayotgan talaba-sportchilar xalqaro maydonlarda ham mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilib, yuksak natijalarga erishmoqda.

Jumladan, 2025-yil 16–27-iyul kunlari Germaniyaning Reyn-Rur mintaqasida o‘tkazilgan XXXII Butunjahon yozgi Universiadasida dunyoning 119 ta davlatidan 5 ming 100 nafardan ortiq talaba-sportchi sportning 18 turi bo‘yicha 234 ta medal jamlanmasi uchun bahs olib bordi.

O‘zbekiston sport delegatsiyasi ushbu nufuzli musobaqada 18 ta oliy ta’lim muassasasida tahsil oluvchi 53 nafar sportchi bilan 11 ta sport turi bo‘yicha ishtirok etdi. Talaba-sportchilarimiz suzish, badiiy gimnastika, yengil atletika, taekvondo WT va dzyudo sport turlarida jami 15 ta medal — 4 ta oltin, 4 ta kumush va 7 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. Bu natija O‘zbekiston delegatsiyasining Universiadalar tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkichi sifatida qayd etildi. Mamlakatimiz umumjamoa hisobida 13-o‘rinni egallab, Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchi bo‘ldi.
Shuningdek, 3–9-sentabr kunlari Qirg‘izistonning Issiqko‘l hududida o‘tkazilgan III Turkiy Universiadada O‘zbekiston, Ozarbayjon, Turkiya, Qirg‘iziston va Qozog‘istondan 450 nafardan ortiq sportchi sportning yetti yo‘nalishi bo‘yicha g‘oliblik uchun kurash olib bordi.

O‘zbekiston delegatsiyasi voleybol, dzyudo, futzal, shaxmat, erkin kurash va yunon-rum kurashi bo‘yicha ishtirok etib, 6 ta oltin, 6 ta kumush va 10 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, sportchilarimiz umumjamoa hisobida uchinchi o‘rinni egalladi.
Talabalar sportini rivojlantirish borasida Guliston davlat pedagogika institutida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, institutda «GDPI sport klubi» tashkil etilgan bo‘lib, uning tarkibida olimpiya sport turlari bo‘yicha uchta klub faoliyat yuritmoqda. Hozirgi kunda 3 ming nafardan ortiq talaba sport klubiga a’zo bo‘lgan. Mashg‘ulotlarga viloyat sport federatsiyalarining tajribali murabbiylari jalb etilgan.
Shuningdek, «Besh tashabbus olimpiadasi» platformasiga 2 ming 800 nafardan ortiq talaba a’zo bo‘lgan. Institutda faoliyat yuritayotgan 16 ta sport to‘garagida esa qariyb 1 ming nafar yosh jismoniy imkoniyatlarini takomillashtirib, sport mahoratini oshirmoqda.

Institut talabalari 2026-yil davomida xalqaro miqyosdagi musobaqalarda 10 ta, Osiyo miqyosidagi musobaqalarda 11 ta, respublika chempionatlarida esa 68 ta g‘oliblik va sovrindorlik natijasiga erishdi.

Ushbu natijalar institutda talabalar sportini rivojlantirish, iqtidorli yoshlarni aniqlash va ularning sport mahoratini oshirishga qaratilgan ishlar samarasini namoyon etadi. Ayni paytda, sport bilan muntazam shug‘ullanish talabalarning nafaqat jismoniy salomatligini mustahkamlaydi, balki ularda intizom, qat’iyat, jamoada ishlash va g‘alabaga intilish kabi muhim fazilatlarni ham shakllantiradi.
Albatta, talabalar sportida kuzatilayotgan bunday ijobiy o‘zgarishlar mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilayotganining samarasidir. Yoshlar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar, sport infratuzilmasining kengayishi, musobaqalar ko‘lamining ortishi hamda xalqaro hamkorlikning mustahkamlanishi talaba-sportchilarning o‘z salohiyatini namoyon etishiga keng yo‘l ochmoqda.

Jamoliddin Komilov,
Guliston davlat pedagogika instituti Gumanitar fanlar
va jismoniy madaniyat fakulteti dekani, professor.