9900 AQSH dollarini noqonuniy olib chiqish holati fosh etildi
Xorazm viloyati bojxona boshqarmasining “Shovot chegaraoldi savdo zonasi” chegara bojxona posti xodimlari tomonidan noqonuniy valyuta aylanmasi bilan bog‘liq huquqbuzarlik holatiga chek qo‘yildi.
Xususan, post orqali qo‘shni Turkmaniston davlatiga chiqib ketayotgan fuqaro bojxona nazoratidan o‘tkazilganda, olib chiqish me’yoridan ortiq bo‘lgan 9900 AQSH dollarini noqonuniy ravishda olib chiqib ketishga uringanligi aniqlandi. U mazkur pul mablag‘ini post orqali harakatlanayotgan 3 nafar fuqaroga ma’lum haq evaziga bo‘lib berish orqali bojxona nazoratidan yashirincha olib o‘tmoqchi bo‘lgan.
Bojxona nazorati davomida aniqlanishicha, fuqaroning yonida olib chiqish uchun ruxsat etilgan ekvivalenti 100 million so‘mgacha bo‘lgan naqd pul mablag‘lari mavjud bo‘lgan. Qo‘shimcha 9900 AQSH dollari esa belgilangan me’yordan ortiq bo‘lgani sababli bojxona organlaridan yashirib, aldov yo‘li bilan olib chiqilayotganligi ma’lum bo‘ldi.
Hozirda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Ahmadjon Shokirov,
O‘zA muxbiri