90 million so‘mlik “ikkinchi imkoniyat”: “super-kontrakt” qancha turadi?
Yaqindagina OTMlarga kirish test sinovlari natijalari e’lon qilindi va ko‘plab abituriyentlar talaba bo‘lish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.
Qayd etish lozimki, test sinovlari natijalaridan norozi boʻlgan abituriyentlar tegishli tartibda apellyatsiya arizalarini berishi mumkin.
Abituriyent uchun test natijasi — bir necha ball farq bilan katta qarorga aylanishi mumkin. Kimdir talaba boʻlish orzusiga bir qadam qolganda toʻxtab qoladi, kimdir esa qoʻshimcha toʻlov evaziga oʻqish imkoniyatidan foydalanish yoʻlini tanlaydi. Bu imkoniyat — tabaqalashtirilgan, yaʼni “super-kontrakt”. Ayni paytda ayrim oliy taʼlim muassasalari tomonidan 2026/2027 oʻquv yili uchun “super-kontrakt” miqdorlari eʼlon qilina boshlandi. Abituriyentlar uchun esa eng qiziq savol bitta: orzu qilingan universitetda oʻqish uchun qancha toʻlash kerak boʻladi?

Oʻtgan oʻquv yilidan boshlab tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt miqdorini oliy taʼlim muassasalari rektorlari mustaqil belgilashi mumkin. Bunda qabul chegarasiga 4,05 balldan ortiq yetmagan abituriyentlar uchun tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt miqdori bazaviy toʻlov-kontraktning kamida 3 baravari miqdorida belgilanadi. Demak, abituriyentning asosiy natijasi qabul balidan biroz past boʻlgan taqdirda ham, belgilangan shartlar asosida qoʻshimcha toʻlov bilan talaba boʻlish imkoniyati mavjud.

Masalan, Termiz davlat universitetida tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt miqdorlari taʼlim yoʻnalishiga qarab 29,6 million soʻmdan boshlanmoqda. Eng yuqori summa esa huquq va boshqaruvga oid yoʻnalishlarda belgilangan. Xususan, yurisprudensiya, xalqaro munosabatlar hamda davlat va jamiyat boshqaruvi yoʻnalishlarida super-kontrakt miqdori 90 million soʻmni tashkil etmoqda. Yaʼni ayrim yoʻnalishlarda abituriyent uchun “bir necha ball yetmadi” degan holat moliyaviy jihatdan ham ancha jiddiy qarorni talab qilishi mumkin. Eng muhimi, har bir OTM va taʼlim yoʻnalishi boʻyicha super-kontrakt miqdori bir xil emas. Shu sababli abituriyentlar oʻzlari tanlagan universitetning rasmiy maʼlumotlarini kuzatib borishi kerak.
2025/2026-oʻquv yili qabulida tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt asosida tahsil olish istagini bildirgan abituriyentlarga bir yillik oʻqitish qiymatining 50 foizini 2025-yilning 31-oktyabrga qadar (shu kuni ham) toʻlashga ruxsat beriladi. Arizalar onlayn qabul qilinadi.

Shuningdek, bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga kirish imtihonlari natijasi boʻyicha tanlovda ishtirok etib, ikkinchi-beshinchi bakalavriat taʼlim yoʻnalishlaridan biri boʻyicha davlat granti yoki toʻlov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlarga oʻz xohishlariga koʻra ustuvorligi boʻyicha tanlagan birinchi bakalavriat taʼlim yoʻnalishida tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga ruxsat berildi (maqsadli qabul asosida talabalikka tavsiya qilinganlar bundan mustasno).
Muhayyo Toshqorayeva,
OʻzA