9 oylik sarhisob: yangi konlar, eksport va moliyaviy samara
“O‘zbekneftgaz” AJning 2026-yil 9 oylik natijalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tashkilot mutasaddilari, mutaxassislar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan tadbirda “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Suhrob Hamroyev va boshqalar so‘zga chiqib, jamiyatda amalga oshirilayotgan islohotlar, geologiya-qidiruv ishlari, uglevodorod qazib chiqarish, mahsulotlarni qayta ishlash hamda moliyaviy-iqtisodiy natijalar haqida ma’lumot berdi.
Ta’kidlanganidek, hisobot davrida geologiya-qidiruv ishlari natijasida 5 ta yangi uglevodorod koni ochildi. 42 ta investitsiya blokida yangi konlarni aniqlash va chuqur qatlamlarni o‘rganish ishlari davom ettirilmoqda. Seysmik tadqiqotlar hajmi 2025-yilga nisbatan besh baravar oshirilib, 7 430 km² maydonda 3D qidiruv o‘tkazildi. Yil oxirigacha ushbu ko‘rsatkichni 11 900 km² ga yetkazish rejalashtirilgan.

“O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Suhrob Hamroyev sohadagi texnologik yangilanishlarga to‘xtalib, geologiya-qidiruv ishlarida tadqiqot chuqurligi 4 500 metrdan 8 000 metrgacha oshirilayotganini ta’kidladi. Bu ilgari tasavvur ham qilib bo‘lmagan chuqurlikdagi yangi geologik qatlamlarni kashf etish imkonini beradi.
– Geologik tadqiqotlar va burg‘ilash ishlarini o‘zaro muvofiqlashtirish yangi konlarni aniqlash imkoniyatlarini kengaytirish bilan birga, vaqt va moliyaviy resurslarni tejashga ham xizmat qiladi. 2026-yilning yanvar-sentabr oylarida 80 ta quduq burg‘ilanib, “Qiziljar”, “Shag‘irlik” (quyi yura), “Telegri”, “Gulshanbog‘” va “Kaprin” gaz konlari ochildi. Mavjud quduqlarni ta’mirlash va tiklash ishlari ham davom ettirildi. Jumladan, 114 ta quduqni ta’mirlash hisobiga kunlik gaz qazib chiqarish qo‘shimcha 4 million kub metrga oshirildi. Oktyabr boshidan esa jamiyat bo‘yicha kunlik gaz qazib chiqarish yana 1,6 million kub metrga ko‘paydi.
Qazib chiqarish barqarorligini ta’minlash maqsadida 78,5 million dollarlik 35 ta kichik kompressor xarid qilinmoqda. Shuningdek, yangi quduqlar samaradorligini oshirish uchun qiya va gorizontal burg‘ilash texnologiyalarini joriy etish ko‘zda tutilgan. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, bunday quduqlarda sutkalik gaz qazib chiqarish oddiy vertikal quduqlarga nisbatan 50-60 foizgacha yuqori bo‘lishi kutilmoqda, – dedi S.Hamroyev.

Matbuot anjumanida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish va yangi mahsulot turlarini o‘zlashtirish masalalariga ham e’tibor qaratildi. Hisobot davrida 41,8 trillion so‘mlik sanoat mahsuloti ishlab chiqarilib, reja 105,7 foizga bajarildi. Transport va aholi ehtiyojlari uchun 773,5 ming tonna avtobenzin, 759,7 ming tonna dizel yoqilg‘isi, 210,6 ming tonna aviakerosin va 452,7 ming tonna suyultirilgan gaz ishlab chiqarildi. Shuningdek, sanoat uchun 135,1 ming tonna oltingugurt va 101,3 ming tonna polietilen granulalari tayyorlandi.
Kelgusida respublikada ilk bor sintetik moy, tozalangan parafin va chiziqli alkilbenzol (LAB) ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Bu mahsulotlar import o‘rnini bosish, mahalliy sanoatni xomashyo bilan ta’minlash va eksport imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda. Qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida esa neft bazalarida benzin zaxirasi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,5 barobar ko‘p shakllantirildi.

Matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA