Qishloq yoshlari jahon arenalarida
Ko‘p yillar G‘allaorol tumani bolalar va o‘smirlar sport maktabining direktori vazifasida ishlagan, qirq yildan ziyod sport sohasida mehnat qilgan mehnat faxriysi Sattor Umurzoqov qadrdon jamoasi erishayotgan yutuqlardan g‘ururlanib yuradi.
Ko‘p yillar G‘allaorol tumani bolalar va o‘smirlar sport maktabining direktori vazifasida ishlagan, qirq yildan ziyod sport sohasida mehnat qilgan mehnat faxriysi Sattor Umurzoqov qadrdon jamoasi erishayotgan yutuqlardan g‘ururlanib yuradi.– Ilgari qishloq yoshlarining qaysidir musobaqaga borishi, hatto viloyat miqyosidagi musobaqada qatnashishi ham biz uchun eng katta yutuq bo‘lgan, – deydi Sattor aka. – Biz, murabbiylar yoshlarimizning xalqaro musobaqalarda ishtirok etishini faqat orzu qilar edik. Prezidentimiz rahnamoligida sportni rivojlantirish, aholi, ayniqsa, yosh avlodni jismoniy-tarbiya va sportga keng jalb etish, ularning hech kimdan kam bo‘lmagan sharoitlarda ulg‘ayishi yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar tufayli sportimiz rivojlandi. Sportchilarimiz o‘zbek yoshlari nimalarga qodirligini xalqaro miqyosda keng namoyon etayotir. O‘tgan yili maktabimizning 9-sinf o‘quvchisi Sabina Umarova 1999-2000 yillarda tug‘ilgan yoshlar o‘rtasida yengil atletika bo‘yicha xorijda o‘tkazilgan nufuzli musobaqada bitta oltin, ikkita kumush medalni qo‘lga kiritdi. Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Mustaqillik tufayli qishloq yoshlarining bunday yutuqlari oddiy holga aylanganidan quvonmay, hayratlanmay bo‘ladimi?
Murabbiy haq. Bugun yoshlarimizning Osiyo va jahon chempionatlari, olimpiya o‘yinlarida shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarilishini qandaydir tabiiy, go‘yo shunday bo‘lishi kerakday qabul qilishga o‘rganib qoldik. Vaholanki, buning ortida qancha mehnat, qancha zahmat va mashaqqat yotgani, qancha mablag‘ sarflangani haqida ko‘p ham o‘ylayvermaymiz.
– Tumanlarda zamonaviy bolalar sporti inshootlari barpo etilayotgani, mavjudlari rekonstruksiya qilinib, zarur sport anjomlari bilan ta’minlanayotgani yoshlarni sportga jalb etish va mahoratini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda, – deydi O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi Jizzax viloyati filiali direktori O‘ktam Mamatqulov. – 2003-2013 yillarda viloyatda jamg‘arma tomonidan 105 bolalar sporti inshooti yangi qurildi va rekonstruksiya qilindi.
Bu yo‘nalishdagi ishlar izchil davom ettirilmoqda. O‘tgan yili bolalar sporti inshootlarini qurish va rekonstruksiya qilish manzilli dasturi asosida Zomin, Yangiobod tumanlarida bolalar musiqa va san’at maktablari, Baxmal, Jizzax, Zomin, G‘allaorol, Zarbdor tumanlarida bittadan maktabda 12x24 o‘lchamdagi sport zallari qurilib, foydalanishga topshirildi. Jizzax shahridagi "Universal" sport majmuasi, Zomin tumanidagi 1-bolalar va o‘smirlar sport maktabida yopiq suzish havzasi barpo etildi. Zarbdor tumanidagi 1-bolalar va o‘smirlar sport maktabi binosi kapital rekonstruksiya qilindi. Jizzax shahridagi boks hamda tennisga ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktablari binosi kapital ta’mirlandi. Bu ishlarga O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan 4 milliard 621 million so‘mdan ziyod mablag‘ sarflandi.
– Tumanimizdagi bolalar va o‘smirlar sport maktabida 1 milliard 562 million so‘mlik rekonstruksiya ishlari bajarilgach, imkoniyatlarimiz yanada kengaydi, – deydi Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi Zarbdor tumani vakili Ulug‘bek Qorabekov. – Bu yerda 700 ga yaqin yoshlar sportning boks, milliy kurash, dzyudo, voleybol, futbol, badiiy gimnastika, stol tennisi, belbog‘li kurash va shaxmat-shashka turlari bilan muntazam shug‘ullanishi uchun barcha sharoit yaratildi.
Prezidentimizning 2010 yil 5 maydagi “Bolalar sporti ob’ektlaridan foydalanish samaradorligini oshirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida turli sport inshootlarining quvvatlaridan to‘liq foydalanishga qaratilgan izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda viloyatdagi 545 umumta’lim maktabida faoliyat yuritayotgan 2 ming 605 sport seksiyasida 64 ming nafarga yaqin o‘quvchi shug‘ullanmoqda. 75 kasb-hunar kolleji va 4 akademik litseydagi 1 ming 235 sport seksiyasiga 31 mingdan ortiq o‘quvchi jalb etilgan.
Davlatimiz tomonidan qishloq joylardagi maktablarda faoliyat ko‘rsatayotgan murabbiyalarni moddiy rag‘batlantirish bo‘yicha belgilangan imtiyozlar qizlarni sportga keng jalb etishda yuksak samaralar bermoqda. Ayni paytda xalq ta’limi tizimida qishloq maktablarida ishlayotgan 179 nafar jismoniy tarbiya o‘qituvchisining tarif stavkalariga har oyda 15 foiz ustama haq to‘lanmoqda.
Sport inshootlarini qurish bilan birga, sportning ommaviyligini ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘tgan yili viloyat xalq ta’limi boshqarmasi, davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligida uch yuzdan ortiq sport musobaqasi tashkil etildi. Ushbu musobaqalarda ishtirok etgan 22 mingdan ortiq o‘quvchining 7 ming 940 nafari qizlardir.
– Prezidentimiz rahnamoligida bolalar sportiga qaratilayotgan alohida e’tibor tufayli farzandlarimizni har tomonlama barkamol etib voyaga yetkazishdek ezgu maqsadlarimiz amalga oshmoqda, – deydi Paxtakor tumani bolalar va o‘smirlar sport maktabi direktori, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi Bahodir Mirzaqulov. – Yaratib berilayotgan sharoitlar samarasida tarbiyalanuvchilarimiz mamlakatimiz va xalqaro musobaqalarda yuksak marralarga erishmoqda. Ular orasida qishloq yoshlarining soni ortib borayotgani yanada quvonarlidir.