85 yoshli Chori bobo tanlov g‘olibi bo‘ldi
Samarqand xalqaro turistik markazidagi “Boqiy shahar” majmuasida “Bir nuroniy — o‘n yoshga mas’ul” ko‘rik-tanlovining Respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Prezidentimizning 2022 yil 19 yanvardagi “Yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida nuroniylarni jamiyat hayotiga yanada faol jalb qilish, ularning ijtimoiy faolligini oshirish, yoshlar tarbiyasida keksa avlod vakillarining tajribasidan keng foydalanish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, ajrim yoqasida turgan yosh oilalar o‘rtasida barqaror muhitni vujudga keltirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni targ‘ib qilish va ijrosini ta’minlashda faol ishtirok etayotgan nuroniylarni rag‘batlantirish maqsadida “Bir nuroniy – o‘n yoshga mas’ul” loyihasi tashkil qilingan edi.
– Mazkur loyiha bo‘yicha mahallalardagi katta hayotiy tajriba, bilim va obro‘ga ega bo‘lgan 16 ming 224 nafar faol nuroniylarga ish bilan band bo‘lmagan, moddiy, ma’naviy ko‘makka muhtoj bo‘lgan 154 ming nafardan ortiq muammoli yoshlar biriktirilgan, – deydi Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirining birinchi o‘rinbosari S.Turdiyev. – Ularni qo‘llab-quvvatlash, ibratli tajribalarini ommalashtirish maqsadida mamlakat miqyosida “Bir nuroniy — o‘n yoshga mas’ul” ko‘rik-tanlovi tashkil etildi. Tanlovning quyi bosqichlari tuman (shahar), viloyat darajasida o‘tkazilib, g‘oliblar yakuniy bosqichga yo‘llanma olgan edi. Bugun ularning faoliyati yana bir bor sarhisob qilinib, munosib baholandi.
[gallery-9260]
Uch shart bo‘yicha o‘tkazilgan ko‘rik-tanlov hakamlar hay’atining xulosalariga ko‘ra, respublika bosqichi g‘olibligi Surxondaryo viloyati Termiz shahar Bog‘zor mahallasi nuroniysi Chori bobo Jumayevga nasib etdi va 27 million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlandi.
Samarqand viloyati vakili Solijon Xudoyorov ikkinchi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi vakili Nurmuhammad Tilavmuratov esa uchinchi o‘ringa munosib ko‘rildi va ularga 18 va 9 million so‘mdan pul mukofotlari berildi.
– Sakson besh yoshga kirib, hayotning achchig‘ini ham, chuchugini ham tatib ko‘rdik, – deydi Chori Jumayev. – Hayot tajribasi har qanday sinovlarda muvaffaqiyat bilan o‘tishga xizmat qilarkan. O‘z hayotimda buning isbotini ko‘rib, yetarlicha xulosaga kelganman. Bugun nuroniylarning yoshlarga biriktirilishi ayni kunda dolzarb muammoga aylanib borayotgan yoshlar ta’lim-tarbiyasidagi kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish yo‘lidagi eng samarali usul. Ko‘rik-tanlovda ishtirok etgan nuroniylarning barchasi bu borada amalga oshirgan ishlari xususida bergan ma’lumotlaridan ma’lum bo‘ldiki, respublikamizning barcha hududlarida mazkur tizim o‘z samarasini bermoqda. bugungi tanlov biz nuroniylar uchun o‘zaro tajriba almashish, yoshlar tarbiyasida nimalarga e’tibor qaratishimiz zarurligini maslahatlashib olish uchun qulay imkoniyat bo‘ldi.
Tanlovning boshqa ishtirokchilari ham tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.
G‘.HASANOV,
A.ISROILOV (surat), O‘zA