700 dan ziyod talaba yo‘llanma oldi
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona davlat texnika universitetida bitiruvchilar bandligini ta’minlash hamda abituriyentlarni oliy ta’limga jalb qilish maqsadida “Karera va ochiq eshiklar kuni” bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni universitet rektori O‘.Salomov ochib berar ekan, so‘nggi yillarda har bir oliy ta’lim muassasasi bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash bo‘yicha alohida tizim shakllantirilayotganiga to‘xtalib, bunday tadbirlar orqali talabalar, bitiruvchilar, ish beruvchilar va kadrlar agentliklari o‘rtasida ochiq muloqot maydoni yaratilganini qayd etdi.
Tadbir avvalida umumta’lim maktablari va texnikumlarning 2 ming 300 dan ortiq bitiruvchilari universitetda talabalarning zamon talablari asosida ta’lim olishi uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar. Tadbir doirasidagi mehnat yarmarkasida esa 278 nafar talaba o‘z mutaxassisligi bo‘yicha tegishli korxona-tashkilot bilan mehnat shartnomasi tuzdi, 700 nafardan ortig‘iga ishga kirish uchun suhbatga yo‘llanma berildi.
[gallery-23440]
- Ushbu yarmarka biz, talabalar uchun katta imkoniyatlar eshigini ochadi, - deydi Yengil sanoat va to‘qimachilik fakulteti talabasi Madina Ma’murova. - Tadbirda tengdoshlarim qatorida men ham o‘z mutaxassisligim bo‘yicha doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldim. Hozirda viloyatimizdagi yetakchi va nufuzli korxonalardan biri — “Narimtekstil” MCHJda o‘z kasbim bo‘yicha ishga joylashganimdan xursandman.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA