7 aprel – Butunjaxon salomatlik kuni
Bugun, 7 aprel dunyo ahli tomonidan Butunjaxon salomatlik kuni, deb e’tirof etilgan.
1948 yildan buyon, ya’ni 73 yildirki, “Xalqaro salomatlik kuni” sifatida nishonlab kelinadigan mazkur sana Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti joriy qilingan kun bilan bog‘liq xotiralarni ham qamrab oladi.
Ma’lumki, ushbu tashkilot yer yuzida sog‘liqni saqlash borasidagi eng dolzarb muammolarni aniqlab, saralab oladi. So‘ng chuqur tahlil asosida mavjud kamchiliklar muhokama qilinadi. Masalan, 2013 yilning xuddi shu sanasida “Xalqaro salomatlik kuni” gipertoniya, ya’ni qon bosimi ko‘tarilishiga bag‘ishlangan.
Ta’kidlash joiz, yer yuzida COVID-19 kasalligi paydo bo‘lishi bilan sog‘liqni saqlash sohasidagi zaif jihatlar yaqqol sezilib qoldi. Epidemiyaning keng tarqalishi insoniyat uchun tarixiy davrga aylandi.
O‘z-o‘zini izolyatsiya qilish sharoitida salomatlikni qanday asrash mumkin?
Birinchidan, o‘z-o‘zini himoyalashda qoidalarga rioya etgan holda uydan chiqish, ikkinchidan o‘zingiz istamagan holda kam harakat bo‘lib qolganingiz sababli albatta badantarbiya bilan shug‘ullanish lozim. Uchinchidan, uglevodlar (xamirli taomlar)ni kundalik taomnomadan kamaytirib, ko‘proq meva-sabzavot iste’mol qilish zarur.
Zero, har bir inson salomatligi uchun o‘zi javobgar!
Behro‘z Xudoyberdiyev, O‘zA