6 oyda Ijtimoiy himoya milliy agentligiga 95 mingdan ziyod murojaat kelib tushgan
Aholi murojaatlari bilan samarali ishlash ularda ko‘tarilayotgan muammolarga yechim topish, sabablarini bartaraf etishda muhim omil hisoblanadi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi yig‘ilishida Sog‘liqni saqlash vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda Migratsiya agentligining jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarida ko‘tarilgan masalalarni hal etish holati yuzasidan axborotlari eshituvida shu jihatlarga alohida e’tibor qaratildi.
Qo‘mita eshituvida esa ushbu vazifalarning joylardagi ijrosi, murojaatlarni ko‘rib chiqish sifati, qabul qilinayotgan qarorlarning amaliy samaradorligi hamda takroriy murojaatlarga sabab bo‘layotgan omillar atroflicha tahlil qilindi.
Qo‘mita eshituvida taqdim etilgan axborotlarga ko‘ra, 2026-yilning birinchi yarim yilligida Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimiga 45 mingdan ortiq, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga 54,5 mingga yaqin, Ijtimoiy himoya milliy agentligiga 95 mingdan ziyod hamda Migratsiya agentligiga 44,5 mingga yaqin murojaat kelib tushgan. Ularning aksariyati bo‘yicha ijobiy natijalarga erishilgan.
Muhokamalarda deputatlar murojaatlarning mazmuni, kelib chiqish sabablari, hududlar kesimidagi holat, takroriy murojaatlar dinamikasi va mas’ul idoralar tomonidan ko‘rilayotgan choralarning natijadorligi yuzasidan qator savollarni o‘rtaga tashladi.
Shuningdek, har bir murojaatni chuqur tahlil qilish, uning sabablarini bartaraf etish va takroriy murojaatlarga yo‘l qo‘ymaslik zarurligi ta’kidlandi. Bu borada muntazam parlament nazoratini amalga oshirish, tizimli muammolarni barvaqt aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha qonunchilik hamda amaliy mexanizmlarni yanada takomillashtirish lozimligi bildirildi.
M.Komilova, O‘zA