5G texnologiyalari bo‘yicha xalqaro amaliy mashg‘ulotlar yo‘lga qo‘yilmoqda
O‘zbekistonda 5G texnologiyalari bo‘yicha ilk yirik loyiha start oldi. Xalqaro hamkorlikda amalga oshirilayotgan bu tashabbus mamlakatning kelajak avlod aloqa sohasidagi salohiyatini oshirishga qay darajada xizmat qiladi?
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan har bir islohot Uchinchi renessans uchun muhim poydevor bo‘lib xizmat qilmog‘i shart. Shundagina davlatimiz rahbari ilgari surayotgan muqaddas g‘oya o‘zining mevasini beradi. Shuning uchun ham bunda ta’limga tayanish va yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash muhim sanaladi.
Ana shunday e’tibor va imkoniyatlar samarasi o‘laroq, O‘zbekistonda ilk bor Toshkent davlat transport universitetida Xitoyning sAutomobile Engineering Professional College va Xinyada Information Technology kompaniyasi muhandislik-texnik jamoasi bilan hamkorlikda 5G texnologiyalari bo‘yicha workshop tashkil etilmoqda.
Qariyb 1,5 yillik tayyorgarlik natijasida amalga oshirilayotgan loyiha xalqaro grant mablag‘lari asosida yangi avlod aloqa texnologiyalari, radioelektronika va telekommunikatsiya sohalari uchun zamonaviy o‘quv-amaliy muhit yaratishga qaratilgan.
Workshop doirasida talabalar ikki asosiy yo‘nalish — 5G baza stansiyalarini qurish va texnik xizmat ko‘rsatish, shuningdek 5G tarmoqlarini optimallashtirish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘ladi. Bundan tashqari mashg‘ulotlarda virtual simulyatsiya platformalaridan ham foydalaniladi.
Loyiha doirasida xitoy va ingliz tillaridagi virtual simulyatsiya platformalari, ikki tilli o‘quv materiallari hamda raqamli ta’lim resurslari joriy etiladi.
Shuningdek, TDTU professor-o‘qituvchilari uchun 144 soatlik maxsus malaka oshirish dasturi tashkil etilib, ular 5G texnologiyalari va zamonaviy o‘qitish metodikalarini o‘zlashtiradi.
Loyiha doirasida yaratilgan texnik jihozlar, kompyuter tizimlari va virtual platformalar universitetda doimiy foydalanish uchun qoladi. Bu esa 5G texnologiyalari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash uchun TDTUda uzoq muddatli o‘quv-amaliy bazani shakllantirish imkonini beradi.
Sherbek Islomov, O‘zA