"5000 qadam" piyoda yurish marafoni
1 dekabr –Butunjahon OITSga qarshi kurash kuni munosabati bilan Sirdaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi, viloyat OITSga qarshi kurash markazi hamda Salomatlik va strategik rivojlantirish instituti Sirdaryo viloyati bo‘limi hamkorligida Guliston shahrida "Sog‘lom hayot sari birgalikda" shiori ostida "5000 qadam" piyoda yurish marafoni o‘tkazildi.
–Bilamizki, odam immuniteti tanqisligi sindromi butun dunyoda global muammoga aylangan. U jinsiy yo‘l va boshqa yo‘llar orqali insondan insonga o‘tuvchi, ammo hozirgacha davosi yo‘q, bo‘lgan kasalliklar sirasiga kiradi. Chunki, kasallik epidemiyasi boshlangandan buyon dunyoda 85, 6 milliondan ortiq odam ushbu infeksiya bilan xastalangan, 40,4 million kishi esa OITS bilan bog‘liq kasalliklardan vafot etgan. Eng yomoni, ushbu turdagi kasallik yildan yilga ko‘payib, uning jinsiy yo‘l bilan yuqish darajasi ortib bormoqda. Aynan infeksiya 75 foizdan ortiq holatlarda 25-49 yoshli kishilar o‘rtasida uchramoqda.


Shundan ham ko‘rinib turibdiki, OIV va OITSga qarshi butun dunyo hamjihatlikda kurashishi lozim. Bugun o‘tkazilgan "Sog‘lom hayot sari birgalikda" shiori ostidagi "5000 qadam" piyoda yurish marafonidan ko‘zlangan maqsad ham aslida shu,–deydi Sirdaryo viloyati OITSga qarshi kurash markazi direktori Gulifar Normuratova. – Qolaversa, bu kasallik ijtimoiy kasallikdir, shuning uchun u keng ma’noda nafaqat iqtisodiy, siyosiy zarar keltiradi, shuningdek, oilaviy, ruhiy, ma’naviy, axloqiy jihatdan salbiy oqibatlarni keltirib chiqaradi. Shunday ekan, kasallikning oldini olish, davolash, tarqalishini cheklash ishlarida aql-zakovat bilan ish tutish, "Siz OIV va OITSni bilasizmi", "OIV insondan insonga qanday yo‘llar orqali o‘tadi", "Biz OIV va OITSga qarshi birgalikda kurashamiz" kabi viktorina ko‘rinishdagi o‘yinlar, " Sog‘lom hayot sari birgalikda" shiori ostida sport-sog‘lomlashtirish tadbirlarini o‘tkazyapmiz. Bu esa aholining xabardorligi oshishida, OIV infeksiyasi, uning ta’sir doirasini kamaytirishda, ushbu kasallikka qarshi birgalikda kurashishimizda nihoyatda qo‘l kelmoqda.


"5000 qadam" yurish sport- sog‘lomlashtirish tadbirida Sirdaryo viloyati sog‘liqni saqlash tizimida ishlaydigan tibbiyot xodimlari ishtirok etib, kelgusida OIV va OITSga qarshi kurash uchun birgalikda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlarni rejalashtirib olishdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri