5 nafar yosh shaxmatchimiz Hindistonda o‘tadigan Osiyo chempionatida qatnashadi
Ertaga, 18-avgust kuni Hindistonning Mumbay shahrida 20 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasida “Asian Junior Chess Championship-2026” musobaqasi boshlanadi.
Qit’a chempionligi uchun kechadigan murosasiz bahslarda Osiyoning 10 ta mamlakatidan 158 nafar shaxmatchi qatorida O‘zbekiston terma jamoasining 5 nafar a’zosi Vatanimiz sharafini himoya qiladi.
Bugun, 17-avgust kuni mazkur nufuzli musobaqada ishtirok etadigan mahoratli yosh shaxmatchilarimiz Javohir Bozorov, Ibrohim Jumanazarov, Sarvinoz Begmuratova, Nurmuhammad Nematillaxonov va Liliya Belaya Mumbay shahriga yetib bordi.
9 ta turdan iborat bo‘lgan qit’a chempionatida qatnashadigan shaxmatchilar o‘z yosh toifalarida musobaqa yakunlariga ko‘ra, g‘oliblar FIDE tomonidan qizlar o‘rtasida ayollar xalqaro grossmeysteri, o‘g‘il bolalar o‘rtasida esa xalqaro grossmeyster unvoni uchun norma olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Musobaqada kumush va bronza medal sohiblari xalqaro sport ustasi hamda FIDE sport ustasi unvonlari uchun normativlarni bajargan hisoblanadi.
Chempionat nizomiga muvofiq, bugun kun davomida barcha ishtirokchilar musobaqalar o‘tkaziladigan manzilga yetib borishi lozim.
Ertaga chempionatga qur’a tashlash marosimi, mandat komissiyasining yig‘ilishi, ishtirokchilar uchun bahslar o‘tadigan majmua bilan tanishuv kabi bir qator tadbirlar tashkil etiladi.
Qit’a chempionatining birinchi tur o‘yinlari 19-avgust kuni o‘tkazilsa, so‘nggi 9-tur o‘yinlari 25-avgust kuni bo‘lib o‘tadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA