5 milliard so‘mgacha garovsiz kredit ajratiladi
O‘zbekistonda barqaror ish o‘rinlarini yaratish, kichik biznesni jadal rivojlantirish va aholi daromadlarini oshirishga qaratilgan yangi mexanizmlar joriy etilmoqda.
Prezidentimizning 2026-yil 11-sentabrdagi “Barqaror ish o‘rinlarini yaratish va kichik biznesni jadal rivojlantirish orqali aholi daromadlarini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan bu borada tuman va shahar darajasidagi imkoniyatlar kengaytirildi.
Farmonning eng muhim jihatlaridan biri — tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashda qaror qabul qilish vakolatlarining hududlarga yaqinlashtirilishi. Endi tuman va shaharlarda tashkil etiladigan shtablar mahalliy sharoit, aholining ehtiyoji va loyihalar xususiyatidan kelib chiqib, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash choralarini belgilaydi.
Farmon bilan Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarni kooperatsiyaga jalb qilgan lider tadbirkorlarga 5 milliard so‘mgacha garov ta’minotisiz kredit ajratishga ruxsat berildi. Bunda kredit miqdori jalb qilingan har bir oila uchun 50 million so‘m hisobida belgilanadi. Masalan, tadbirkor 100 ta ijtimoiy reyestrdagi oilani kooperatsiyaga jalb qilsa, 5 milliard so‘mgacha garovsiz kredit olish imkoniyati paydo bo‘ladi. Bu mexanizmning muhim jihati shundaki, moliyaviy resurs faqat tadbirkorning o‘z biznesini kengaytirishga emas, balki daromad manbaiga muhtoj oilalarni ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish jarayonlariga jalb etishga yo‘naltiriladi.
Ya’ni, kredit — tadbirkor uchun moliyaviy resurs, ijtimoiy reyestrdagi oila uchun esa barqaror daromad manbasini yaratish vositasi bo‘ladi. Yana bir muhim yangilik — oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish va yoshlar tadbirkorligi dasturlari doirasidagi imtiyozli kredit resurslarini boshqarish vakolati tuman va shahar shtablariga o‘tkaziladi.
Shtablar mahalliy sharoit va loyiha xususiyatidan kelib chiqib, moliyalashtirish yo‘nalishi va miqdorini, kreditning naqd yoki naqdsiz shaklini, muddatini, imtiyozli davrini, to‘lov grafigini, mustaqil belgilashi mumkin. Shuningdek, asosli hollarda kredit muddati yoki to‘lov grafigini qayta ko‘rib chiqish va uzaytirish, moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyati cheklangan aholi uchun maxsus shartlarni belgilash imkoniyati ham beriladi.
Buning ahamiyati shundaki, bir hududda samarali bo‘lgan biznes modeli boshqa hududda xuddi shunday natija bermasligi mumkin. Masalan, qishloq joylarda chorvachilik, parrandachilik yoki qayta ishlash loyihalari ustuvor bo‘lsa, shaharlarda xizmat ko‘rsatish, hunarmandchilik yoki kichik ishlab chiqarishga talab yuqori bo‘lishi mumkin. Shu bois kredit shartlarini mahalliy ehtiyojdan kelib chiqib belgilash moliyaviy resurslarni maqsadli yo‘naltirish imkonini oshiradi.
2026-yil 1-oktabrdan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar hamda kichik va o‘rta tadbirkorlik sub’ektlari uchun yana bir yangi mexanizm ishga tushiriladi. Unga ko‘ra, tuman va shahar shtabi qarori asosida tijorat banklari kreditlari bo‘yicha foiz xarajatlarining bir qismi “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ yoki belgilangan boshqa manbalar hisobidan kompensatsiya qilinadi. Muhimi, kompensatsiya olishda kredit tarixi, tadbirkorning toifasi, barqarorlik reytingi kabi qo‘shimcha talablarni joriy etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Biroq bir moliyalashtirish bo‘yicha bir xil foiz xarajatlarini ikki marta kompensatsiya qilishga ruxsat berilmaydi. Farmon faqat tadbirkorlikni moliyalashtirish bilan cheklanmaydi. “Saxovat va ko‘mak”, “Ayollar daftari” hamda “Yoshlar daftari” jamg‘armalari saqlab qolinadi, biroq ular mablag‘larini tasarruf etish va ushbu mablag‘lar hisobidan ijtimoiy yordam hamda xizmatlarni tashkil etish vakolati tuman va shahar shtablariga o‘tkaziladi. 2027-yil 1-yanvardan aholining ijtimoiy yordam va xizmatlarga ehtiyojini baholashda yangi yondashuv joriy etiladi.
Bunda faqat oilaning moliyaviy holati emas, balki oila a’zolaridagi surunkali kasalliklar, nogironlik, tashqi mehnat migratsiyasi, oilaning ko‘p bolaliligi, boshqa ijtimoiy-iqtisodiy omillar ham hisobga olinadi. Oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy holati balli skoring tizimi asosida baholanib, natijaga ko‘ra tegishli toifalarga ajratiladi. Bu esa ijtimoiy yordamni ehtiyoj darajasiga qarab manzilli taqdim etish imkonini kengaytiradi.
Farmonda mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan xotin-qizlar uchun ham muhim ijtimoiy kafolat belgilandi. 2027-yil 1-yanvardan homiladorlik va tug‘ish ta’tili tugagan kundan boshlab farzandi 1 yoshga to‘lgunga qadar Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi tomonidan bolani parvarishlash nafaqasini to‘lash tartibi joriy etiladi. Bu mexanizm ishlovchi onalarning bola parvarishi davridagi ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan.
Farmon bilan “davlat ta’minotidagi oila” toifasiga kiritilgan oilalar uchun ham qo‘shimcha moliyaviy imkoniyatlar yaratilmoqda. Ularga oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida, 2026-yilda 100 milliard so‘m, 2027-yilda — 300 milliard so‘m miqdorida foizsiz kreditlar ajratiladi. Bu mablag‘lar oilalarni faqat ijtimoiy yordam oluvchi sub’ekt sifatida emas, balki o‘z daromadini shakllantiruvchi iqtisodiy faol ishtirokchiga aylantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Farmondagi yangiliklarni bir nuqtada birlashtiradigan asosiy g‘oya — aholini faqat ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash emas, balki ular uchun barqaror daromad manbalari yaratish ko‘zda tutilgan. 5 milliard so‘mgacha garovsiz kredit, imtiyozli kredit shartlarini hududning o‘zi belgilashi, kredit foizlarining bir qismini kompensatsiya qilish va ijtimoiy reyestrdagi oilalarga foizsiz kreditlar ajratilishi shu maqsadga xizmat qiladi.
Endilikda tuman va shahar shtablari oldida nafaqat mablag‘ni taqsimlash, balki qaysi loyiha qancha ish o‘rni yaratishi, qancha oilani daromadli mehnatga jalb qilishi va ajratilgan mablag‘ qanday iqtisodiy natija berishini ta’minlash vazifasi ham turadi. Bir so‘z bilan aytganda, mazkur Farmonning amaliy ahamiyati moliyaviy resurslarni hududlarga yetkazish bilangina emas, balki ularni yangi ish o‘rinlari, oilaviy daromad va barqaror biznesga aylantirish mexanizmini yaratishi ko‘zda tutilgan.
Aslida, bu farmonning eng katta qiymati ajratiladigan kredit miqdorida emas, kredit ortidan keladigan imkoniyatda. Agar 5 milliard so‘mlik garovsiz moliyalashtirish o‘nlab oilalarni ish bilan ta’minlasa, foizsiz kreditlar yangi oilaviy bizneslarni vujudga keltirsa, shtablar qabul qilgan qarorlar hududda yangi iqtisodiy faollikni shakllantirsa — islohotning haqiqiy natijasi ana shunda namoyon bo‘ladi.
Shuning uchun endi mezon ham o‘zgaradi. Kredit berilgani — natija emas, kredit evaziga yaratilgan ish o‘rni va oshgan oilaviy daromad hisobga olinadi. Ushbu Farmonning bosh maqsadi ham aholiga shunchaki yordam berish emas, balki insonning o‘z mehnati bilan barqaror daromad topishi uchun sharoit yaratishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA