5-iyun — Butunjahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuni
Butunjahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuni — ushbu xalqaro ekologik sana insonlarni tabiat muhofazasi bilan bog‘liq faoliyatga jalb etish, keng jamoatchilik ongida tabiiy resurslarni asrash, ulardan oqilona foydalanish orqali tabiiy boyliklarni kelgusi avlodlarga yetkazish mas’uliyatini anglatishga qaratilgan. Shu bilan birga, xalqaro hamjamiyatning e’tiborini atrof-muhitni muhofaza qilish hamda global ekologik muammolarning oldini olish bo‘yicha aniq chora-tadbir ko‘rishga undaydi.
Ushbu ekologik sananing mazmuni va ahamiyati haqida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Ekologik partiya fraksiya a’zosi Gulchehra Tojiboyeva o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:
— 5-iyun — insoniyatni ekologik muammolarga befarq bo‘lmaslikka chorlaydigan eng muhim xalqaro sanalardan biri hisoblanadi. Mazkur sana 1972-yilda Shvetsiyaning Stokgolm shahrida bo‘lib o‘tgan BMTning Atrof-muhit bo‘yicha konferensiyasi qarori asosida ta’sis etilgan bo‘lib, aynan shu konferensiya doirasida BMTning Atrof-muhit bo‘yicha dasturi — YUNEP tashkil etilgan.

Shundan buyon har yili 5-iyun dunyoning yuzdan ortiq mamlakatlarida ekologik aksiyalar, forumlar, daraxt ekish tadbirlari va turli ma’rifiy loyihalar bilan keng nishonlanib kelinmoqda. Bu kunning asosiy maqsadi — jamoatchilik e’tiborini tabiatni asrash, ekologik muammolarning oldini olish va barqaror rivojlanish masalalariga qaratishdan iborat.
Bugungi kunda iqlim o‘zgarishi, havo va suv ifloslanishi, cho‘llanish, chiqindilar muammosi hamda biologik xilma-xillikning qisqarishi butun insoniyat oldidagi eng jiddiy global chaqiriqlardan biriga aylanmoqda.
Mutaxassislarning ma’lumotlariga ko‘ra, atrof-muhitning ifloslanishi bilan bog‘liq kasalliklar tufayli har yili millionlab insonlar hayoti xavf ostida qolmoqda. Ayniqsa, atmosferaga zararli gazlar chiqarilishi, o‘rmonlarning qisqarishi, suv resurslarining kamayishi va tabiiy boyliklardan nooqilona foydalanish ekologik muvozanatga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
YUNEP ma’lumotlariga ko‘ra, insoniyat bugun bir vaqtning o‘zida uchta yirik ekologik inqiroz — iqlim o‘zgarishi, biologik xilma-xillikning yo‘qolishi va ifloslanish muammosiga duch kelmoqda. Yer resurslarining degradatsiyaga uchrashi, qurg‘oqchilik, suv tanqisligi va cho‘llanish jarayonlari nafaqat tabiatga, balki inson salomatligi, iqtisodiyot va oziq-ovqat xavfsizligiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Shu ma’noda atrof-muhitni muhofaza qilish masalasi faqat davlat yoki ekologlar vazifasi emas, balki har bir insonning fuqarolik mas’uliyatiga aylanishi lozim.
Suv va elektr energiyasini tejash, daraxt ekish, chiqindilarni saralash, qayta ishlash madaniyatini shakllantirish, plastik mahsulotlardan kamroq foydalanish, tabiatga ehtiyotkor munosabatda bo‘lish kabi oddiy qadamlar ham ekologik barqarorlikka munosib hissa qo‘sha oladi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 49-moddasi 4-qismida “Davlat barqaror rivojlanish prinsipiga muvofiq, atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi” deb belgilangan. Shuningdek, Konstitutsiyaning 62-moddasiga muvofiq, “Fuqarolar atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga majburdirlar”.
Mamlakatimizda ham keyingi yillarda ekologik barqarorlikni ta’minlash, “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini kengaytirish, chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish hamda aholining ekologik madaniyatini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida yurtimiz bo‘ylab millionlab daraxt va ko‘chatlar ekilib, shahar va qishloqlarda “yashil belbog‘”lar tashkil etilmoqda. Orolbo‘yi hududida ekologik vaziyatni yaxshilash, cho‘llanishning oldini olish va aholi uchun munosib ekologik muhit yaratish bo‘yicha amaliy ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Tabiat — inson hayoti, salomatligi va kelajagining asosi. Inson tabiatdan qanchalik uzoqlashsa, ekologik muammolar shunchalik kuchayadi. Shu bois, bugun har birimiz ekologik madaniyatni hayot tarziga aylantirishimiz zarur. Tabiat bizga Yaratgan tomonidan kelajak avlodlarga yetkazish uchun omonat qilib berilgan. Omonatga esa xiyonat qilib bo‘lmaydi!
Atrof-muhitni asrash — bu nafaqat fuqarolik burchi, balki kelajak avlod oldidagi yuksak mas’uliyat. Zero, tabiatni asrash faqat bugungi kun emas, balki ertangi kun taqdiri haqida qayg‘urish demakdir.
Muhtarama Komilova,
O‘zA