42 milliard so‘mlik shartnomalar imzolandi
Qashqadaryo viloyatidagi yirik sanoat korxonalari hamda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari ishtirokida hududiy sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi bo‘lib o‘tdi.
Qashqadaryo viloyatidagi yirik sanoat korxonalari hamda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari ishtirokida hududiy sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi bo‘lib o‘tdi.Prezidentimiz rahnamoligida xususiy sektorning erkin va samarali faoliyat yuritishi uchun qulay ishbilarmonlik muhiti yaratish borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar ushbu tarmoqning iqtisodiyotimiz taraqqiyotidagi o‘rnini yanada yuksaltirishda muhim omil bo‘layotgani ta’kidlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 3-martdagi “2016-yilda Xalqaro sanoat yarmarka va Kooperatsiya birjasini tashkil etish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbirda viloyatdagi hamda mamlakatimizning boshqa hududlarida faoliyat yuritayotgan 300 dan ziyod sanoat korxonalari va tadbirkorlik subyektlari 600 dan ortiq turdagi mahsulotlari bilan qatnashdi.
Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish yuzasidan ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklar tufayli mahalliy xomashyodan tayyorlangan xaridorgir, import o‘rnini bosuvchi sifatli mahsulotlar turi yildan-yilga ko‘paymoqda.
Yarmarka raqobatbardosh, eksportbop va import o‘rnini bosuvchi zamonaviy mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish, shuningdek, yirik korxonalar va kichik biznes subyektlari o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Ayni paytda bozorga yangi kirib kelayotgan tadbirkorlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, mahalliy xomashyo asosida ishlab chiqariladigan mahsulotlar turini ko‘paytirishga zamin bo‘luvchi buyurtmalar portfelini shakllantirish, tovar va xizmatlarni reklama qilishga amaliy yordam bo‘lmoqda. Sanoat korxonalari uchun uzoq muddatli xo‘jalik aloqalari, xomashyo yetkazib berishni o‘zlashtirishga ko‘maklashish, tarmoqlararo va xalqaro kooperatsiyani rivojlantirish orqali yangi turdagi tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish uchun yanada keng imkoniyat yaratish, ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish istagidagi tashkilotlar uchun hamkorlarni jalb etishga ham ko‘maklashmoqda.
Yarmarkada tog‘ jinslarini qayta ishlashga mo‘ljallangan texnikalardan tortib, chiroyli va bejirim mebellar, qurilish mahsulotlari, polietilen quvurlar, parfyumeriya tovarlari, qandolat, oziq-ovqat mahsulotlari namoyish etildi. Ularning o‘ndan ortig‘i yangi mahsulot ekanini alohida ta’kidlash joiz. Ayniqsa, Qarshi shahridagi “Qarshi innovatsion texnologiyalar” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan taklif etilgan avtomatik qurilmalar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
– Zamonaviy texnologiyalarni o‘rnatib berish va ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, avtomatik tizimlar montaji bilan shug‘ullanar edik, – deydi korxona rahbari Shermuhammad Buzrukov. – Yaqinda ba’zi bir qurilmalarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydik. Sanoat yarmarkasida namoyish etilgan gaz analizatori, hisoblagichdan ma’lumotlarni uzatish uchun modem, “Aqlli uy” tizimi kabi ilk namuna mahsulotlar shular jumlasidandir. Mazkur qurilmalar masofadan turib bino xavfsizligi, kommunal jihozlarning xavfsiz ishlashini nazorat qilish imkonini beradi.
Yarmarkada korxona va tashkilotlar, muassasalar, xo‘jalik yuritish subyektlari hech qanday tender tanlovisiz o‘zaro shartnomalar imzolash va mahsulot xarid qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Mahsulotlar xaridi va hamkorlikka oid 42 milliard so‘mlikdan ziyod shartnomalar imzolandi.