Davlat xaridlari tizimi yanada takomillashtiriladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasining yig‘ilishida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga davlat xaridlari tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda davlat xaridlari tizimini takomillashtirish, raqobat muhitini kengaytirish va mablag‘lardan samarali foydalanishga qaratilgan islohotlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonlarini jadallashtirish doirasida korporativ buyurtmachilar xaridlarida mahalliy ishlab chiqaruvchilarga taqdim etiladigan imtiyoz va preferensiyalarni bekor qilish, davlat xaridlarining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, parlament nazoratini kuchaytirish hamda sohadagi nizolarni hal etish mexanizmlarini takomillashtirish masalalari dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Shu maqsadda “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda. Unga muvofiq, byudjet buyurtmachilari xaridlarida mahalliy ishlab chiqaruvchilar va xizmat ko‘rsatuvchilar takliflarini baholashda imtiyoz va preferensiyalar berish, davlat xaridlari sohasidagi vakolatli organning vazifalarini aniqlashtirish, e’lon qilinishi lozim bo‘lgan ma’lumotlar ro‘yxatini kengaytirish taklif etilmoqda.
Shuningdek, xaridlar natijalari, jumladan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar haqidagi ma’lumotlarni Davlat byudjeti ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlarga kiritish, shikoyatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha hududiy komissiyalar tashkil etish va taklif so‘rovi kabi yangi xarid tartib-taomillarini joriy qilish belgilanmoqda.
Mazkur loyiha davlat xaridlarida axborot ochiqligini oshirish, qarorlar qabul qilish jarayonida shaffoflikni ta’minlash va tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida sog‘lom raqobatni rivojlantirishga xizmat qiladi. Shuningdek, tadbirkorlarning davlat xaridlarida ishtirok etishi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi, davlat mablag‘laridan foydalanish samaradorligini oshiradi.
M.Komilova,
O‘zA