35 yilda talabalar soni qariyb 4,6 barobar oshdi
O‘zbekistonda oliy ta’lim tizimi so‘nggi o‘ttiz besh yil ichida tubdan o‘zgardi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025/2026 o‘quv yili boshida mamlakatdagi oliy ta’lim tashkilotlarida tahsil olayotgan talabalar soni 1 million 535 ming nafarga yetdi. Bu 1991/1992 o‘quv yilidagi 337,4 ming nafar ko‘rsatkichga nisbatan 1 million 197,6 ming nafarga ko‘p yoki qariyb 4,6 barobar o‘sishni anglatadi.
Tahlillarga nazar tashlasak, mustaqillikning ilk yillarida talabalar soni sezilarli darajada kamaygan. Masalan, 1995/1996 o‘quv yilida bu ko‘rsatkich 192,1 ming nafarga, 2000/2001 o‘quv yilida esa 183,6 ming nafarga tushib ketgan. Bu davr iqtisodiy islohotlar, oliy ta’lim muassasalari sonining cheklanganligi va qabul kvotalarining kamligi bilan izohlanadi.
2005-yildan boshlab o‘sish qayta tiklangan bo‘lsa-da, 2015/2016 o‘quv yiligacha talabalar soni 300 ming nafarga ham yetmagan. Bu esa o‘sha yillarda oliy ta’lim bilan qamrov darajasi ancha past bo‘lganini ko‘rsatadi.
Eng katta burilish esa 2017-yildan keyingi davrga to‘g‘ri keladi. Oliy ta’lim sohasida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida yangi davlat va nodavlat oliygohlari tashkil etildi, xorijiy universitetlar filiallari ochildi, qabul kvotalari bir necha barobar oshirildi, sirtqi va kechki ta’lim shakllari kengaytirildi.
Natijada talabalar soni juda qisqa vaqt ichida keskin o‘sdi. Agar 2020/2021 o‘quv yilida 571,5 ming nafar talaba tahsil olgan bo‘lsa, besh yil ichida bu ko‘rsatkich qariyb uch barobarga oshib, 1 million 535 ming nafarga yetdi.
Bu raqamlar mamlakatda inson kapitaliga bo‘lgan e’tibor kuchayib borayotganini ko‘rsatadi. Chunki iqtisodiyotning raqobatbardoshligi, mehnat bozorining zamonaviy talablarga javob berishi va innovatsion rivojlanish, avvalo, malakali kadrlar tayyorlash bilan bevosita bog‘liq.
Shu bilan birga, talabalar sonining ortishi oliy ta’lim tizimi oldiga yangi vazifalarni ham qo‘ymoqda. Endi asosiy e’tibor faqat qamrovni oshirishga emas, balki ta’lim sifati, professor-o‘qituvchilar salohiyati, ilmiy tadqiqotlar, amaliyot bilan integratsiya va bitiruvchilarning bandligini ta’minlashga qaratilishi muhim.
Demak, raqamlar nafaqat oliy ta’lim qamrovining kengayganini, balki O‘zbekistonda bilimli va raqobatbardosh avlodni shakllantirishga qaratilgan davlat siyosatining yangi bosqichga ko‘tarilganini ham yaqqol namoyon etmoqda. Bugungi vazifa esa ushbu miqdoriy o‘sishni sifat jihatidan ham mustahkamlashdan iborat.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA