3 nafar sportchimiz Dohada bahslarga kirishmoqda
Bugun – 18 mart kuni Qatar poytaxti Doha shahrida stol tennisi bo‘yicha "WTT Contender Doha 2022" turniri start oladi.
Mazkur nufuzli musobaqada o‘zbekistonlik kichik raketka ustalari Zohid Kenjayev, Elmurod Xoliqov va Roza Xojiyevadan iborat terma jamoamiz a’zolari ishtirok etishmoqda, deya xabar tarqatdi O‘zbekiston stol tennisi federatsiyasi.
Xabarda aytilishicha, bir necha kun muqaddam Qatar poytaxtida "Feeder" turniri o‘tkazilib, unda vakillarimiz ishtirok etishgandi. Ammo ilk saralash bahslarida omad ulardan yuz o‘girgandi.
"WTT Contender Doha 2022" turniriga tashlangan qur’aga ko‘ra, terma jamoamiz a’zolarining dastlabki bosqichdagi raqiblari qo‘yidagicha ko‘rinish oldi:
Zohid Kenjayev gonkonglik jahon reytingida 206-o‘rinni egallab turgan Li Xong Mingga qarshi bahs yuritsa, Elmurod Xoliqov reytingda 380-o‘rinda qayd etilgan Ahmad Saadavi bilan, Roza Xojiyeva esa hindistonlik Svastika Gosh bilan bahslashadi.
Hamyurtlarimizning o‘yinlari kun davomida bo‘lib o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, Kenjayev jahon reytingida 123-o‘rinda, Elmurod Holiqov 504-o‘rinda hamda Roza Xodjayeva ayollar tasnifida 368-qatordan joy olib turishibdi.
O‘zA