Poti portida O‘zbekiston logistika markazini tashkil etish masalasi muhokama qilindi
Sinandalida O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyaning 11-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishga O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov hamda Gruziya Bosh vazirining o‘rinbosari, iqtisodiyot va barqaror rivojlanish vaziri Mariam Kvrivishvili hamraislik qildi.
Tomonlar o‘zaro savdo hajmini 1 milliard dollarga yetkazish, erkin savdo rejimidan unumli foydalanish hamda sanoat, qurilish, qishloq xo‘jaligi, energetika va moliya sohalarida qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildilar.
Transkaspiy transport yo‘nalishini rivojlantirish va Poti portida O‘zbekiston logistika markazini tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Mazkur markaz orqali mahsulotlarni Yevropaga ilk bor sinov tariqasida jo‘natish amalga oshirilgani qayd etildi.
Shuningdek, sanoat kooperatsiyasi, aviaqatnovlarni kengaytirish, turizm va hududlararo aloqalarni rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi, deyiladi O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ma’lumotida.
Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini 2027-yil bahorida Toshkent viloyatida o‘tkazish rejalashtirilgan.
A.RUSTAMOV,
O‘zA