29 ta loyiha doirasida 1,54 trillion so‘mlik mahalliy mahsulot ishlab chiqarildi
“O‘zkimyosanoat” AJ tizimida joriy yilning birinchi choragi davomida mahsulotlar tannarxini pasaytirish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish hamda mahalliylashtirish darajasini kengaytirish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Jamiyat axborot xizmati rahbari Hojiakbar To‘laganovning ma’lum qilishicha, amalga oshirilgan islohotlar va ichki zaxiralarni safarbar etish natijasida tarmoqda sezilarli iqtisodiy samaradorlikka erishildi hamda import o‘rnini bosuvchi mahalliy mahsulotlar hajmini oshirish bo‘yicha ijobiy dinamika qayd etildi.
Jumladan, yanvar-mart oylari davomida mahsulotlar tannarxi 194,4 milliard so‘mga kamaytirildi. Bu ko‘rsatkich belgilangan rejaga nisbatan 111,7 foizni tashkil etdi. Erishilgan natijalar qator omillar hisobiga ta’minlandi. Xususan, energiya resurslarini tejash orqali 24,8 milliard so‘m iqtisod qilindi. Bunda 8,0 million metr kub tabiiy gaz hamda 14,9 million kVt/soat elektr energiyasi tejaldi.
Shuningdek, xomashyo va materiallar xarajatlarini optimallashtirish hisobiga 56,8 milliard so‘m, texnologik va boshqa yo‘qotishlarni qisqartirish orqali 16,7 milliard so‘m tejamkorlikka erishildi. Sanoat xodimlari sonini maqbullashtirish esa 2,8 milliard so‘m iqtisod qilish imkonini berdi.
Xarid qilish, tashish va saqlash jarayonlarini samarali tashkil etish natijasida 4 milliard so‘m, boshqa turdagi xarajatlarni qisqartirish hisobiga esa 89,3 milliard so‘m mablag‘ tejaldi.
Bundan tashqari, mahalliylashtirish dasturlari doirasida ham muhim natijalar qayd etildi. Jami 29 ta loyiha asosida 1,54 trillion so‘mlik mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarildi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA