2030 yilgacha bolalarning maktabgacha ta’lim bilan qamrovi 80 foizga yetkaziladi
Yurtimizda ta’lim-tarbiya tizimini tubdan rivojlantirish, yosh avlodni salohiyatli qilib tarbiyalash, bolalarni maktabgacha ta’lim muassasalariga keng jalb qilishga alohida e’tibor qaratib kelinadi.
So‘nggi 7-8 yil davomida bu yo‘nalishda muhim natijalarga erishilmoqda. Xususan, maktabgacha ta’lim sohasida to‘rt mingga yaqin davlat bog‘cha binolari rekonstruksiya qilindi va yangidan qurildi. Maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasi 27 foizdan 77 foizga oshdi.
Tizimda xususiy sektor ulushini oshirish borasida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar samarasida nodavlat bog‘chalar soni 8 baravarga ko‘paydi. Bolalar bog‘chalarida ta’lim-tarbiya sifati va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari izchillik bilan amalga oshirilmoqda.
Shu o‘rinda aytish lozimki, takomillashtirilayotgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi loyihasida ham 2030 yilgacha bo‘lgan muddatda maktabgacha ta’lim tizimiga oid bir qator ustuvor maqsad-vazifalar belgilangan.

Jumladan, bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasini joriy 2026 yilda 78 foiz, 2027 yilda 78,5 foiz, 2028 yilda 79 foiz, 2029 yilda 79,5 foiz, 2030 yilda esa 80 foizga yetkazish rejasi qo‘yilgan.
Shuningdek, 2030 yilgacha bolalarni maktabga tayyorlov guruhlari bilan 100 foiz qamrab olish nazarda tutilmoqda. E’tiborlisi, ushbu maqsadlar uchun Davlat byudjeti, xalqaro moliyaviy institutlar, xususiy sektor, homiylik va grant mablag‘larini jalb etish belgilangan.
Shu kunlarda yanada boyitilayotgan strategiya loyihasida o‘z aksini topayotgan ushbu maqsad-vazifalar o‘sib kelayotgan yosh avlod vakillari uchun yanada qulay sharoitlar yaratish, ularni zamonaviy ta’lim-tarbiya jarayoni bilan qamrab olishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Eslatib o‘tamiz, 2026-2030 yillarga mo‘ljallangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi loyihasining jamoatchilik muhokamasi davom etmoqda.
Muhtarama Komilova,
O‘zA