2027-yil 1-yanvardan “Mening pensiyam” onlayn xizmati joriy etiladi
Pensiya xizmatlarini aholi uchun yanada sodda, qulay va tezkor qilish maqsadida tizimda qator yangiliklar joriy etilmoqda. Bu haqda Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha mutaxassisi Bahriddin Ziyodov ishtirokidagi brifingda ma’lum qilindi.
Ayni paytda fuqarolarning hujjat ko‘tarib idorama-idora yurishini kamaytirish, zarur ma’lumotlarni elektron tizimlar orqali olish va pensiya xizmatlaridan masofadan turib foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, 2026-yil 1-noyabrdan ishlar hajmining qisqarishi yoki korxona tugatilishi munosabati bilan ishsiz deb e’tirof etilgan shaxslarga qonunda belgilangan shartlar asosida umumiy belgilangan yoshdan ikki yil oldin yoshga doir pensiya proaktiv tarzda tayinlanadi. 2027-yil 1-yanvardan boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi ham fuqaroning alohida murojaatisiz tayinlanadi. Bunda fuqaroga proaktiv tarzda tayinlangan pensiyani rad etish huquqi saqlanib qoladi.
2026-yil 1-noyabrdan bunday fuqarolar imtiyozli pensiya tayinlash uchun Davlat xizmatlari markazlari yoki my.gov.uz portali orqali onlayn murojaat qilishlari mumkin bo‘ladi. 2026-yil 1-dekabrdan boshlab esa pensiyaning boshqa turiga o‘tishni ham Davlat xizmatlari markazlariga tashrif buyurgan holda yoki my.gov.uz portali asosida onlayn amalga oshirish imkoniyati yaratiladi.
2027-yil 1-yanvardan pensiya to‘lovini naqd pul shakliga o‘tkazish, to‘xtatib turilgan pensiya to‘lovlarini tiklash, yashash manzili o‘zgargani munosabati bilan pensiyaga oid hujjatlar yig‘majildini yangi manzil bo‘yicha hisobga qo‘yish kabi xizmatlar interaktiv shaklda ko‘rsatiladi. Shuningdek, pensiyani qayta hisoblash uchun onlayn murojaat qilish imkoniyati ham yaratiladi.
2027-yil 1-yanvardan “Mening pensiyam” onlayn xizmati joriy etiladi. U asosida pensiya hisoblashda ish staji sifatida inobatga olinadigan mehnat faoliyati davri, oliy ta’lim tashkilotlarida kunduzgi ta’lim va harbiy xizmat davri haqida ma’lumot olish mumkin bo‘ladi. Shuningdek, pensiya yoshiga bir yil qolgan fuqarolarni oldindan xabardor qilish imkoniyati yaratiladi.
Shu sanadan Pensiya jamg‘armasi tomonidan fuqarolardan qog‘oz shaklidagi hujjatlar hamda ma’lumotlarni qabul qilish amaliyoti bekor qilinadi. Zarur ma’lumotlar elektron axborot tizimlari orqali olinadi.
Bahriddin Ziyodovning qayd etishicha, fuqarolik-huquqiy xususiyatga ega shartnomalar asosida faoliyat yurituvchilar uchun ham ish stajini hisoblash tartibi soddalashtiriladi. 2026-yil 1-oktabrdan bunday shaxs o‘zini o‘zi band qilganlar uchun belgilangan miqdorda ijtimoiy soliq to‘lasa, unga bir yillik ish staji avtomatik hisoblanadi.
–Deylik, Anvar ismli fuqaro yil davomida turli korxona va tashkilotlarda fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida 5-6 oy ishladi. Agar uning yil davomida to‘lagan ijtimoiy solig‘i belgilangan yillik miqdorga yetsa, unga to‘liq bir yillik ish staji hisoblanadi. Bunda qo‘shimcha ijtimoiy soliq to‘lash talab etilmaydi.
Yana bir yangilik shundaki, 2027-yil 1-yanvardan rasmiy daromadga ega bo‘lgan shaxs ishlamaydigan oila a’zosi uchun ham ixtiyoriy ravishda ijtimoiy soliq to‘lashi mumkin. Buning natijasida ishlamayotgan oila a’zosining kelajakda pensiya olishi uchun zarur ish stajini oldindan shakllantirib borish mumkin bo‘ladi.
Masalan, Akmal ismli fuqaro ishlamaydigan otasi uchun har oy 152 ming so‘mdan ijtimoiy soliq to‘lashi mumkin. Bu bir yilda qariyb 1 million 800 ming so‘mni tashkil etadi. Agar miqdor o‘zgarmasa, 7 yilda jami 12 million 800 ming so‘m, 15 yilda esa qariyb 27 million so‘m ijtimoiy soliq to‘lanadi. To‘langan mablag‘lar va otasiga shakllangan ish stajini mobil ilova yoki shaxsiy kabinet orqali kuzatib borish mumkin bo‘ladi.
Ya’ni, bundan ko‘zlangan asosiy maqsad esa bugun ishlamaydigan oila a’zosining kelajakda pensiya olish huquqi uchun zarur ish stajini oldindan shakllantirib borish imkonini yaratish, – dedi B.Ziyodov.
Brifing yakunida ta’kidlanishicha, 2026-yil 1-noyabrdan pensionerlarga bank kartasi ochish bilan bog‘liq xizmatlarda Face-ID orqali biometrik identifikatsiya qilish tartibi joriy etiladi. Bu pensionerlar nomiga boshqa shaxslar tomonidan bank kartasi ochilishi bilan bog‘liq firibgarlik holatlarining oldini olishga xizmat qiladi.
2027-yil 1-apreldan esa pensiya va boshqa to‘lovlar mablag‘larini pensionerlarning bank kartalari yoki tijorat banklarining mobil ilovalarida ochilgan pensiya elektron hamyonlariga yuklash tizimi joriy etiladi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA