2025-yilda OTM bitiruvchilarining o‘rtacha oylik ish haqi 5,1 million so‘mni tashkil etdi
O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasalari faoliyatini baholashning yangi mexanizmi – Bitiruvchilar sifat indeksi joriy etilmoqda. Mazkur indeks nafaqat bitiruvchilarning ishga joylashgani, balki ularning mehnat bozoridagi muvaffaqiyati va kasbiy faoliyati sifatini ham baholash imkonini beradi.
Davlatimiz rahbariga taqdim etilgan ta’lim tizimini rivojlantirishga oid taqdimotda oliygohlar faoliyati samaradorligini baholashning zamonaviy mexanizmi – Bitiruvchilar sifat indeksini joriy etish bo‘yicha muhim qarorlar belgilab olindi.
Endilikda O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasalari faoliyatini baholashning yangi mexanizmi – Bitiruvchilar sifat indeksi joriy etilmoqda. Mazkur indeks nafaqat bitiruvchilarning ishga joylashgani, balki ularning mehnat bozoridagi muvaffaqiyati va kasbiy faoliyati sifatini ham baholash imkonini beradi.
Ushbu indeks bo‘yicha dastlabki modellashtirish amalga oshirildi. Modellashtirish 114 ta oliy ta’lim tashkilotining 2025-yildagi 242,6 ming nafar bitiruvchisi haqidagi ma’lumotlar asosida amalga oshirildi.
Dastlabki natijalarga ko‘ra bitiruvchilarning bandlik darajasi – 75 foiz, o‘rtacha oylik ish haqi – 5,1 mln. so‘m, o‘rtacha ishga joylashish muddati – 2 oy 1 kun va bitiruvchilarning 60,1 foiz qismi kamida 4 oy davomida barqaror ishlagan. Bu haqda Ta’lim sifatini ta’minlash Milliy agentligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Qiziqarli jihati shundaki, eng yuqori o‘rtacha ish haqi Biznes va boshqaruv (8,5 mln. so‘m), Huquq (7,3 mln. so‘m) hamda AKT (6,8 mln. so‘m) yo‘nalishlari bitiruvchilarida kuzatilmoqda.
Eng yuqori indeks esa Matematika va statistika (69,6 ball), Ta’lim (66,7 ball) hamda Biznes va boshqaruv (63,9 ball) yo‘nalishlarida qayd etilgan.
Indeks natijalariga ko‘ra eng yaxshi ko‘rsatkichlarga ega bo‘lgan Top-20 oliygohning Karera markazlari 500 mln. so‘mdan rag‘batlantiriladi.
Ushbu natijalar 8 oylik kuzatuv davri asosidagi dastlabki modellashtirish hisoblanadi. Indeksning yakuniy natijalari 12 oylik ma’lumotlar asosida hisoblanib, joriy yil avgust oyida e’lon qilinadi.
Dilbar Nishonova, O‘zA