2025-yil davomida ajratilgan ipoteka kreditlari hajmi 21,2 trln. so‘mni tashkil etib, 29 foizga oshgan
2025-yilning IV choragida O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozorida faollik sezilarli darajada oshdi. Markaziy bankning Pul-kredit siyosati departamenti tomonidan tayyorlangan tahliliy hisobotga ko‘ra, bozorda o‘sish sur’atlari yil davomidagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan birini qayd etdi.
Hisobotga ko‘ra, IV chorak davomida ko‘chmas mulk oldi-sotdi bitimlari soni 89,7 mingtani tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 24,5 foiz o‘sish demakdir.
Yil boshidan buyon esa mamlakat bo‘yicha jami 319,5 mingta bitim qayd etilgan bo‘lib, bu 15,8 foizlik o‘sishni anglatadi.
Hududlar kesimida eng yuqori o‘sish Buxoro (25,6 foiz), Sirdaryo (23,1 foiz), Samarqand (19,2 foiz), Jizzax (17 foiz) va Xorazm (16,4 foiz) viloyatlarida kuzatildi. Toshkent shahri, Toshkent viloyati va Farg‘ona viloyatida esa o‘rtacha 15,5 foiz o‘sish qayd etilgan.
Mutaxassislar buni hududlarda infratuzilmaning yaxshilanishi, aholi daromadlarining o‘sishi va qurilish hajmining kengayishi bilan izohlamoqda.
Tahlillarga ko‘ra, ko‘chmas mulk bozoridagi asosiy drayverlardan biri ipoteka kreditlaridir. 2025-yil davomida ajratilgan ipoteka kreditlari hajmi 21,2 trln. so‘mni tashkil etib, 29 foizga oshgan.
Ipoteka kreditlarining jami uy-joy oldi-sotdidagi ulushi 22 foizga yetgan (2024-yilda 21,3 foiz bo‘lgan).
Shu bilan birga, aholi daromadlarining o‘sishi ham bozor faolligiga kuchli ta’sir ko‘rsatgan. IV chorakda real daromadlar 9,2 foizga oshgani aholi xarid qobiliyatini sezilarli darajada mustahkamlagan.
Yil davomida qurilish sohasidagi faollik ham yuqori darajada saqlanib qoldi. Mamlakat bo‘yicha foydalanishga topshirilgan uy-joylar umumiy maydoni 15,9 mln. kvadrat metrga yetdi (7,2 foiz o‘sish). Ayniqsa Xorazm, Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlari yangi uy-joylar qurilishi bo‘yicha yetakchi hududlar qatorida qayd etilgan.
Ko‘p qavatli uy-joy bozorida narxlar turlicha dinamikani namoyon qildi. Dollar hisobida birlamchi uylar 5,7 foizga, ikkilamchi uylar esa 7,9 foizga qimmatlashgan.
So‘m hisobida esa narxlar nisbatan barqaror shakllangan: birlamchi bozorda -1,3 foiz, ikkilamchi bozorda 0,7 foiz o‘sish kuzatilgan.
Bu holat tahlilchilar fikricha, sotuvchilarning narxni asosan xorijiy valyutada belgilash amaliyoti hamda valyuta kursining barqarorlashuvi bilan bog‘liq.
Ijara bozorida ham ijobiy tendensiya saqlanib qolgan. Yil yakuniga ko‘ra, respublika bo‘yicha ijara narxlari dollarda 8,3 foizga oshgan. Toshkent shahrida ijara bozori barqaror o‘sishda bo‘lib, talab va taklif nisbatan muvozanatda saqlanmoqda.
Toshkent shahrida yer uchastkalari narxi yil davomida 9,4 foizga pasaygan. 100 kvadrat metr yerning o‘rtacha narxi 319 mln. so‘mni tashkil etgan.
Pasayish asosan shahar chekka hududlarida yer taklifining ko‘payishi va markaziy hududlarda kamayishi bilan izohlanmoqda.
Markaziy bank tahlillariga ko‘ra, ko‘chmas mulk bozorida nafaqat narxlar, balki tarkibiy o‘zgarishlar ham kuzatilmoqda. Xaridorlar uchun hudud, infratuzilma, qurilish sifati va loyiha turi tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shuningdek, so‘nggi yillarda yangi qurilgan uylar bilan ikkilamchi bozor o‘rtasidagi farq ham qayta shakllanmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, 2025-yil IV choragi natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozori barqaror o‘sish va yuqori faollik bosqichida davom etmoqda. Ipoteka kreditlari, aholi daromadlari va qurilish sohasidagi o‘sish bozorni qo‘llab-quvvatlayotgan asosiy omillar bo‘lib qolmoqda.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA