“200 nafar dasturchi qiz” loyihasiga start berildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Nilufar Jumayeva ishtirokida brifing o‘tkazildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yil may-iyun oylarida mamlakatimizning barcha hududlarida “INNOWOMENWEEK” – ixtirochi xotin-qizlarning innovatsion haftaliklari o‘tkazildi. Haftalik doirasida turli forum, tanlov, seminar-treninglar tashkil qilindi.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi, Astrum AT Akademiyasi, AQSHning Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) hamkorligida Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida xotin-qizlarni IT sohasiga o‘qitishga yo‘naltirilgan “200 nafar dasturchi qiz” loyihasiga start berildi. Loyiha doirasida 200 nafar xotin-qiz 6 oy davomida AKTga o‘qitiladi va tadbirkorlikka yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi, Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, “O‘zbekiston ixtirochi ayollari markazi” NNTning takliflari asosida nodavlat notijorat tashkiloti shaklida “Olima ayollar jamiyati” va uning hududiy bo‘linmalari tuzilishi kutilmoqda.
Shuningdek, mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi tashabbusi bilan O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi va Surxondaryo viloyati hokimligi hamkorligida Uzun tumanida “Onalar yashil makon uchun” aksiyasi o‘tkazildi.
Aksiya doirasida “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarning xonadonlari yerlariga Surxondaryo viloyati O‘rmon xo‘jaligi boshqarmasi tomonidan yetkazib berilgan lavanda va shafron ko‘chatlari hamda mevali daraxtlar ekildi.
Qayd etilishicha, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi bilan Innovatsion rivojlanish vazirligi va Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi o‘rtasida tuzilgan hamkorlik memorandumiga ko‘ra, ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikda xotin-qizlar ilmiy faoliyat sohasiga keng jalb etiladi.
Ilmiy va innovatsion faoliyat bilan shug‘ullanishga iqtidori bo‘lgan xotin-qizlar aniqlanadi. Ularga ijodiy, intellektual va ixtirochilik qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarishga hamda startap loyihalarini amalga oshirishga ko‘maklashiladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA