20-oktabr – Xiva shahri kuni
Xiva – o‘zining betakror me’moriy qiyofasi, qadimiy obidalari va sharqona muhiti bilan ajralib turadigan, Markaziy Osiyoning eng qadimiy shaharlaridan biri. Asrlar davomida o‘z tarixiy qiyofasini saqlab kelayotgan bu ko‘hna shahar bejizga “ochiq osmon ostidagi muzey” deb atalmagan.
Ko‘p asrlik tarixi davomida Xiva O‘zbekistonning madaniy meros xazinasiga aylangan. Qadim shaharning 26 gektarlik hududida 120 dan ortiq me’moriy yodgorliklar mavjud. Ular orasida Ota Darvoza, Ko‘hna Ark qal’asi, Sherg‘ozixon madrasasi, Juma masjidi va Toshhovli saroy majmuasi alohida o‘rin tutadi.
Shuningdek, shaharda o‘zining betakror me’moriy yechimi va tarixiy ahamiyati bilan ajralib turadigan ko‘plab boshqa obidalar ham mavjud. Bu yerdagi osori-atiqalar bugun ham mahalliy va xorijiy sayyohlarning e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda.
1990-yilda Xivaning tarixiy markazi – “Ichan qal’a” majmuasi YUNESKOning umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. 1997-yil 20-oktabrda esa shahar o‘zining 2500-yillik yubileyini tantanali ravishda nishonladi. Ushbu sana Xivaning boy tarixiy-madaniy merosini asrab-avaylash va keng targ‘ib etishda muhim voqea bo‘ldi.
Ana shu tarixiy voqea xotirasiga har yili 20-oktabr – “Xiva shahri kuni” bayrami sifatida nishonlanadi. Ushbu bayram shaharning ko‘p asrlik tarixi, betakror me’moriy obidalari va boy madaniy an’analariga ehtirom ifodasidir.
Ahmadjon Shokirov, O‘zA