Mardlik va shijoat ayyomi
...Bakovulning jarangdor ovozi yig‘ilganlarni hayajonga soladi. U polvonlarga kurash qonun-qoidasini tushuntiradi, tovoqlarni sanab, sovrin qo‘yganlarning nomlarini birma-bir aytadi. Davra qiy-chuvlashib nomdor polvonlarni ko‘rishga oshiqadi, kurash boshlanadi...
...Bakovulning jarangdor ovozi yig‘ilganlarni hayajonga soladi. U polvonlarga kurash qonun-qoidasini tushuntiradi, tovoqlarni sanab, sovrin qo‘yganlarning nomlarini birma-bir aytadi. Davra qiy-chuvlashib nomdor polvonlarni ko‘rishga oshiqadi, kurash boshlanadi...Navro‘z ayyomi munosabati bilan o‘tkaziladigan kurash, uloq-ko‘pkari, arqon tortish, ot choptirish, merganlik singari milliy sport o‘yinlarining zavqi bo‘lakcha. Bu o‘yinlar qadimdan ajdodlarimiz turmush tarzining ajralmas qismi, yosh avlodni jismonan chiniqtirish, salomatligini, irodasini mustahkamlash, ularda or-nomus, halollik, mardlik, vatanparvarlik, bag‘rikenglik kabi olijanob fazilatlarni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etgan.
Udumga ko‘ra, kurashni avval nuroniy bobolar boshlab bergan, davraga fayz kiritib, yoshlarni kurashga undagan. So‘ng yosh bolalar gilamga chiqarilgan, bu ajdodlardan meros qadriyatlar asrab-avaylanishini namoyon etgan.
Polvonlar gilamga chiqayotganida avval o‘ng oyog‘ini bosadi, qo‘llarini yerga tekkizib, oyog‘i yerdan uzilmasligini tilaydi. Chavandozlar poygada va ko‘pkarida yutuq keltiradigan otlarini alohida mehr bilan parvarishlaydi, ularni o‘ziga do‘st va hamroh, deb biladi. Ajdodlardan o‘tib kelayotgan bu qadriyatlar insonni ona zaminning qudratidan quvvat olib yashashga, tabiat va uning barcha ne’matlarini e’zozlashga o‘rgatadi. Shu bilan birga, farzand tarbiyasida, uning yuksak ma’naviy fazilatlarga ega inson bo‘lib voyaga yetishida ham milliy sport o‘yinlarining muhim o‘rni bor.
Biror ovulda kurash yo ko‘pkari o‘tadigan bo‘lsa, qirq qishloq naridagi polvonu chavandozlar ham keladi. Ular sovrin uchun emas, oilasi, mahallasi va qishlog‘i sha’ni uchun davraga chiqadi. Polvonlar yengilgan mahalladoshining ori uchun talashadi. Nuroniy keksalar polvonlar, chavandozlarni «yutug‘ing halol bo‘lsin», deya duo qiladi. Qadimdan g‘olib polvon yoki chavandozlar olgan sovrinini yordamga muhtoj oilalarga ulashgan.
Navro‘zda inson tabiat bilan uyg‘un bo‘lib yashashga, yon-atrofdagi odamlarga, oilasi, do‘stlariga har qachongidan ham ko‘proq hurmat-e’tibor, mehr-oqibat ko‘rsatishga, borini ular bilan baham ko‘rishga talpinadi.
Navro‘z va milliy sport o‘yinlarimiz zamirida ezgulik, o‘ziga xos uyg‘unlik va hamohanglik mujassam. Ya’ni, Navro‘z mehr-oqibatdan so‘ylaydi, milliy sport o‘yinlarimiz yosh avlodni mardlik va jasurlik, halollikka undaydi. Bu an’ana va qadriyatlar istiqlol yillarida mazmunan yanada boyidi.
Bugungi kunda bir yuz yigirmadan ziyod mamlakatda kurash federatsiyalari faoliyat yuritmoqda. Kurash xalqaro assotsiatsiyasi hamda unga a’zo Osiyo, Yevropa, Panamerika, Afrika va Okeaniya kurash konfederatsiyalari tomonidan mazkur sport turi bo‘yicha jahon va qit’a chempionatlari, xalqaro turnirlar yuqori saviyada tashkil etilayotir. Dunyoda milliy qadriyatimiz bo‘lgan kurash sportiga katta qiziqish bildirayotgan, uni o‘rganishga astoydil intilayotgan sportchilar safi tobora kengayib bormoqda.
– Kurash falsafasi, uning mohiyati va jozibasi jahonda yuksak e’tirof etilmoqda, – deydi Kurash xalqaro assotsiatsiyasi matbuot kotibi Jamshid Namozov. – Yaqinda Gretsiyaning Saloniki shahrida kurash bo‘yicha “Islom Karimov” X xalqaro turniri bo‘lib o‘tdi. Bundan tashqari, joriy yilda Termizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun Hakim at-Termiziy xotirasiga bag‘ishlangan an’anaviy xalqaro turnir, Livanda Osiyo chempionati, Turkmanistonda jahon chempionati o‘tkaziladi. Dunyo bo‘ylab kurash jadal ommalashayotgani mustaqillik yillarida O‘zbekistonda milliy sport turlarini rivojlantirishga qaratilayotgan ulkan e’tibor samarasidir.
Darhaqiqat, uloq-ko‘pkari, o‘zbek jang san’ati, turon, belbog‘li kurash singari milliy sport turlarimiz bo‘yicha mamlakat va qit’a chempionatlari, xalqaro turnirlar xalqimizning qadimiy an’analarini jahonda keng targ‘ib qilmoqda, milliy o‘yinlarimiz turli festivallarda namoyish etilayotir.
...Tinch-osoyishta yurtimizda Navro‘z bayramiga qizg‘in taraddud ko‘rilayotgan shu kunlarda xalqimiz yaqinlari holidan xabar olish, hashar uyushtirish, mahalla guzarlari, muqaddas qadamjolar, qabristonlarni obodonlashtirishga oshiqmoqda. Hademay yana sayillar o‘tkazilib, bahoriy tansiq taomlar tayyorlanadi. Bakovullarning yana mardona ovozi yangraydi. Ular alp o‘g‘lonlarni kurashu ko‘pkariga chorlaydi.