“19th Agzamov Memorial” xalqaro turnirining sovrindorlari aniqlanadi
Bugun, 26-mart kuni poytaxtimizda o‘tkazilayotgan “19th Agzamov Memorial” turnirining so‘nggi 10-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.
Kecha xalqaro musobaqaning “A” guruhida tashkil etilgan 9-tur bahsida mahoratli yosh shaxmatchimiz Muhammadzohid Suyarov oq donalarda turnir peshqadami armanistonlik Xayk Martirosyan bilan murosa yo‘lini tanlagan bo‘lsa, Bahrom Bahrullayev qora donalarda Abdumalik Abdusalimovga imkoniyatni boy berishi natijasida sovrinli o‘rinlarga da’vogarlik poygasidan chiqib ketdi.
10-tur o‘yinlari ostonasida Xayk Martirosyan 7 ochko bilan yetakchilikni saqlab turibdi. Uni ta’qib etayotgan Abdumalik Abdusalimov, FIDE bayrog‘i ostida harakatlanayotgan Artyom Uskov, Nikita Afanasev va Muhammadzohid Suyarovda 6.5 ochko mavjud.

Bugun 10-tur bahslarida Martirosyan Afanasev bilan, Muhammadzohid Suyarov Abdumalik Abdusalimov bilan, Artyom Uskov hindistonlik Pranav Anand bilan kuch sinashadi.
Aynan ushbu juftliklar o‘rtasidagi o‘yinlar natijasiga ko‘ra, sovrinli o‘rinlar qaysi shaxmatchilarga nasib etishi oydinlashadi.

Turnirning “B” guruhida ishtirok etayotgan 229 nafar ishtirokchi orasida qirg‘izistonlik Sultay Chingis va Janpolat Turksoi, hamyurtlarimiz Umar Isomov hamda Sardorbek Saidov 7,5 ochko bilan sovrinli o‘rinlarni egallashga yaqin kelgan.

Bugun ushbu guruhda o‘tadigan Janpolat Turksoi – Sardorbek Saidov, Sultay Chingis – Saidkosim Aliyev, Tohir Ne’matov – Umar Isomov qarama-qarshiligidagi bahslar sovrindorlarni aniqlab berishi bilan ahamiyatli sanaladi.
Eslatib o‘tamiz, “A” guruhida 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan shaxmatchi 10 ming, 2-o‘rin sohibi 7 ming 500 va 3-o‘rinni egallagan ishtirokchi 6 ming AQSH dollari bilan taqdirlanadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA