16 nafar hokim yordamchisi javobgarlikka tortildi
Ma’lumki, davlat organlari tomonidan tadbirkorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi Biznes-ombudsman tomonidan doimiy nazorat qilib boriladi.
Shu kunlarda tashkilot tomonidan hududlarda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan uchrashuvlar tashkil etilmoqda. Ularni qiynayotgan asosiy masalalar, jumladan, noqonuniy qarorlar, asossiz soliq hisoblash, subsidiya ajratish, shartnomaviy munosabatlar bilan bog‘liq muammolar o‘rganilmoqda.
Xususan, online-mahalla.uz platformasi orqali kelib tushgan murojaatlarning ko‘rib chiqilishi yuzasidan o‘tkazilgan tahlillar navbatdagi qonunbuzilish holatlarini aniqladi.
Jumladan, Farg‘ona viloyatida 34 ta holatda hokim yordamchilari tomonidan tadbirkorlarning kredit ajratish bilan bog‘liq murojaatlariga belgilangan tartibda xulosa berilmagan.
Vaholanki, Vazirlar Mahkamasining 2022-yildagi 373-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 19-bandida hokim yordamchisi qarz oluvchining arizasiga asosan joyiga chiqqan holda, uning faoliyat turi bo‘yicha shart-sharoitlari, imkoniyati hamda yetarli ko‘nikmasi mavjudligini o‘rganib, o‘rganish natijasi bo‘yicha fotohisobot va qarz oluvchining xaritadagi joylashuvini ilova qilgan holda kredit ajratish uchun tavsiyanoma yoki kredit ajratishni rad etish to‘g‘risidagi xulosani 5 ish kuni mobaynida Yagona elektron platformaga joylashtirishi belgilangan.
Tahlil yakunlariga ko‘ra, nizom talablariga rioya etmagan 16 nafar mansabdor shaxs belgilangan tartibda ma’muriy javobgarlikka tortildi va tadbirkorlarga kredit olish bo‘yicha xulosa berilishi ta’minlandi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA