12 ming 500 xonadon elektr tarmog‘iga qayta ulandi
Mamlakatimizning shimoliy hududlarida bo‘lgan kuchli shamol elektr ta’minoti tizimiga sezilarli zarar yetkazdi.
Ellikqal’a tuman elektr tarmoqlari korxonasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, juma kuni ertalabgacha salkam 15 ming xonadon elektr ta’minotidan ajralib qolgan. Aholidan murojaat kelishini kutib o‘tirmasdan, korxona ta’mirlovchilar brigadalari a’zolari avariya oqibatida ishdan chiqqan elektr uzatish liniyalarini tuzatishga, qulagan ustunlarni qayta tiklashga va ayrim transformator punktlarida yuzaga kelgan nosozliklarni bartaraf etishga kirishib ketdi. 7 ta brigada tarkibida 32 nafar elektromonter joylarga chiqib, o‘z ishiga sadoqat bilan yondoshib, vazifasini bajardi.
«Qoraqalpoq hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» aksiyadorlik jamiyati matbuot xizmatining O‘zA muxbiriga ma’lum qilishicha, 12 mart soat 16 ga qadar 12 ming 500 xonadon elektr tarmog‘iga qayta ulandi. Endigi vazifa qolgan 2309 ta xonadonga elektr energiyasi yetkazib berishdan iborat. Ta’mirlash brigadalari a’zolari bu ishni shu bugunning o‘zida uddalashga bel bog‘lagan.
Dovud Abibullayev, O‘zA