11 nafar mahkum muddatidan oldin jazodan ozod etildi
9 may – Xotira va qadrlash kuni oldidan jinoyat ishlari bo‘yicha Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tuman sudining sayyor sud majlisida tuman ichki ishlar bo‘limi probatsiya guruhi hisobida jazo muddatini o‘tayotgan 11 nafar mahkum muddatidan oldin shartli ravishda ozod qilindi.
Chori Toipov jinoyat ishlari bo‘yicha Sho‘rchi tuman sudining 2019 yil 18 martdagi hukmiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan aybli, deb topilib, uch yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
Sayyor sud majlisida uning mehnatga halol munosabatda bo‘lib, jazo o‘tashning tartib qoidalariga qatiy amal qilgani, tuzalish yo‘liga o‘tib, sudlar tomonidan o‘rnatilgan taqiq va cheklovlarga to‘liq rioya etgani, xulq-atvori yaxshi tomonga o‘zgargani alohida e’tirof etildi. Tuman ichki ishlar bo‘limining taqdimnomasiga asosan, o‘talmagan 10 oy 24 kun ozodlikni cheklash jazosidan muddatidan oldin shartli ravishda ozod etildi.
Abduxoliq Mamatqulov jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati Pskent tuman sudining 2020 yil 8 yanvardagi hukmiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan aybli deb topilib, Jinoyat kodeksining 45-moddasi tartibida ikki yil muddatga barcha turdagi transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etilib, ish xaqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda uch yil muddatga ahloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan. Sayyor sudda uning ham belgilangan jazodan to‘g‘ri xulosa chiqarganini inobatga olinib, tuman ichki ishlar bo‘limi taqdimnomasi qanoatlantirildi. O‘talmagan 1 yil 9 oy 11 kun axloq tuzatish ishlari jazosini o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi.
Umumxalq bayrami arafasida jazo muddatidan oldin ozod etilgan bu kabi mahkumlar bilib-bilmay jinoyat ko‘chasiga kirib qolganidan pushaymon ekani va sodir etgan jinoyatining oqibatlarini to‘liq anglab yetganini alohida e’tirof etdi.
–To‘rt yil muqaddam giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyatim uchun yetti yil muddatga ozodlikdan maxrum etish jazosi tayinlangan edi,–deydi L. Radjapov. – Bu qilmishimdan chin dildan pushaymon bo‘lib, jazoni ijro etish muassasasi tartib-qoidalariga qatiy rioya etdim. Sog‘ligimni ham yo‘qotdim. Yangi yil arafasida jinoyat ishlari bo‘yicha Sardoba tuman sudi menga qo‘llanilgan jazoni yengilrog‘i bilan almashtirib, har oylik ishlagan ish haqimdan 15 foizi miqdorida davlat foydasiga ushlab qolish sharti bilan o‘talmay qolgan 3 yil 5 oy 26 kunni ahloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirdi. Mana, odil sudning qarori bilan bugun o‘talmagan 3 yil 2 oy 23 kun ahloq tuzatish ishlari jazosini o‘tashdan muddatidan ilgari ozod etildim. Endilikda bu ishonchni oqlab, to‘g‘ri yo‘lda xalol yashashga intilaman.
Sayyor sud majlisida jinoyatining oqibatlarini to‘la anglab, axloqan tuzalish yo‘liga o‘tgan va jazodan muddatidan ilgari shartli ozod etilgan mahkumlar arafa kunlari xalqimizga xos bag‘rikenglik bilan qilmishlari kechirilgani uchun davlatimizga minnatdorlik bildirdi. Jamiyatda o‘z o‘rnini topib, munosib xulq-atvorda bo‘lish va yurtimiz rivojiga o‘z hissasini qo‘shishga qatiy so‘z berdi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA