100 million so‘m aliment oldindan to‘landi
Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida aliment undirish bilan bog‘liq ijro hujjati o‘zaro kelishuv asosida ijobiy hal etildi. Qarzdor ota voyaga yetmagan farzandi ta’minoti uchun 100 million so‘m aliment mablag‘ini oldindan to‘lab, ijro ishi yakunlanishiga erishdi.
Majburiy ijro byurosi Xovos tuman bo‘limi ish yurituvida bo‘lgan ijro hujjatiga asosan, fuqaro K.Sh.dan undiruvchi K.X. foydasiga farzandi ta’minoti uchun aliment undirish belgilangan edi.
Ijro harakatlari davomida qarzdorning O‘zbekiston Respublikasidan chiqish huquqiga vaqtinchalik cheklov o‘rnatildi. Keyinchalik u mehnat faoliyatini xorijda davom ettirish istagini bildirib, mazkur cheklovni bekor qilish masalasida Majburiy ijro byurosiga murojaat qildi.
Davlat ijrochisi tomonidan qarzdorga qonunchilikda nazarda tutilgan huquq va majburiyatlar, shuningdek, aliment to‘lovlarini belgilangan tartibda oldindan to‘lash imkoniyati atroflicha tushuntirildi.
Olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida taraflar o‘zaro kelishuvga erishdi. Qarzdor ota farzandining kelgusi ta’minoti uchun undiruvchiga 100 million so‘m aliment mablag‘ini bir yo‘la oldindan to‘lab berdi.
Shundan so‘ng undiruvchi ona ijro hujjatini o‘z xohishiga ko‘ra qaytarib oldi. Shu asosda qarzdorga nisbatan qo‘llanilgan mamlakatdan chiqish huquqini vaqtincha cheklash chorasi bekor qilindi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri