1-sinfga qabul: uyingiz qaysi maktabga biriktirilganini qanday bilish mumkin?
Yangi o‘quv yili arafasida farzandini 1-sinfga joylashtirishni rejalashtirayotgan ota-onalarni qiziqtirayotgan asosiy savollardan biri, yashash manzili qaysi maktabga biriktirilgani va boshqa maktabga hujjat topshirish tartibidir.
Amaldagi tartibga ko‘ra, har bir tuman va shahar hokimligi qarori bilan umumta’lim maktablari uchun mikrohududlar belgilanadi. Mahallalar, ko‘chalar va ko‘p qavatli uylar muayyan maktablarga biriktiriladi.
Fuqarolar my.maktab.uz elektron platformasiga kirib, yashash manziliga oid ma’lumotlarni kiritish orqali uyi qaysi maktab mikrohududiga tegishli ekanini osongina aniqlashi mumkin.
Agar o‘quvchi uchun mikrohudud bo‘yicha onlayn ariza yuborilgan bo‘lsada, uning yashash joyiga yaqinroq joylashgan maktabda bo‘sh o‘rinlar mavjud bo‘lsa, 1-avgustdan keyin my.maktab.uz platformasi orqali mikrohududdan tashqaridagi maktabga ham qabul uchun ariza topshirish mumkin.
Agar o‘quvchi 1-sinfga bo‘sh o‘rin asosida ushbu maktabga qabul qilinsa, avval mikrohudud bo‘yicha yuborilgan ariza tizim tomonidan avtomatik tarzda bekor qilinib, yangi tanlangan maktabga o‘tkaziladi.
Shu bois ota-onalarga qabul jarayonida elektron platformadagi ma’lumotlarni muntazam kuzatib borish va belgilangan muddatlarga amal qilish tavsiya etiladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA