1 ming 215 ta artezian qudug‘i qaziladi
Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 30 iyuldagi «Suv ta’minoti og‘ir hududlardagi aholi tomorqalari, dehqon xo‘jaliklari hamda qishloq xo‘jaligida foydalanilmayotgan yer maydonlarini sug‘orishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida»gi qarori soha rivojida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Unga ko‘ra, suv ta’minoti og‘ir hududlardagi aholi tomorqalari va qishloq xo‘jaligida foydalanilmayotgan yer maydonlarini sug‘orish uchun vertikal sug‘orish quduqlarini burg‘ilash, daryolar, kanallar va boshqa suv ob’ektlaridan suv chiqarish vositalarini o‘rnatish va ishga tushirish yuzasidan subsidiyalar berilmoqda.
Ayni vaqtda subsidiyalar uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda suv ta’minoti og‘ir hududlardagi aholi tomorqalarini sug‘orish uchun vertikal sug‘orish quduqlarini burg‘ilash va ishga tushirish bo‘yicha talabgorlarning manzilli ro‘yxati hududiy hokimliklar tomonidan taqdim etilmoqda. Ushbu taklifga ko‘ra, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi subsidiya uchun talabgorlar ro‘yxatini shakllantiradi.
– Suv ta’minoti og‘ir hududlardagi aholi tomorqalari hamda qishloq xo‘jaligida foydalanilmayotgan yer maydonlarini sug‘orish uchun yurtimizda 1 ming 215 ta artezian quduq qazish mo‘ljallanmoqda, – deydi O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi vakili Ilhom Soliyev.
– Hozirga qadar qazilgan artezian quduqlar uchun 2 milliard 488 million so‘m miqdorida subsidiya to‘lab berildi. Misol uchun, Jizzax viloyatining uchta tumanida 18 talabgorga 831,8 million so‘m, Navoiy viloyatidagi 9 talabgorga 858 million, Namangan viloyatining ikki tumanidagi 3 talabgorga 360 million so‘m to‘lab berildi.
Qayd etish joizki, bu kabi chora-tadbirlar joriy yilda ham davom etadi. Hozirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyat hokimliklari taklifiga asosan suv ta’minoti og‘ir hududlardagi aholi tomorqalarini sug‘orish uchun vertikal sug‘orish quduqlarini burg‘ilash va ishga tushirish bo‘yicha 2 ming 593 nafar talabgorning manzilli ro‘yxati tayyorlandi. Ular tomonidan 2 ming 604 dona artezian qudug‘i qazilishi mo‘ljallanmoqda.
O‘zA