Zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarni himoya qilish tizimi takomillashtirildi
Davlatimiz rahbari 2026-yil 1-iyulda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga bola huquqlarining kafolatlarini yanada kuchaytirishga hamda tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarni himoya qilish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi.
Qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, bolaning eng ustun manfaatlari tushunchasi hamda uni ta’minlash kafolatlari kiritildi.
Bolaning eng ustun manfaatlari xalqaro shartnomalar, Konstitutsiya va qonunlarda belgilangan bolaning oila g‘amxo‘rligida o‘sib-ulg‘ayishi, farovonligi, xavfsizligi, sog‘lig‘i, bilim olishi, to‘laqonli va har tomonlama kamol topishi, shaxsiy daxlsizligi, sha’ni, qadr-qimmati, fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi, ijtimoiy, axloqiy manfaatlari hamda bolaning o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, bolaning ishtirokida va uning fikrini hisobga olgan holda belgilanadigan manfaatlar hisoblanadi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizim tashkilotlari, xususan, Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlariga tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilar manfaatlarini ko‘zlab sudlarga davlat boji to‘lamasdan da’volar taqdim etish, sud majlislarida ularning vakili sifatida ishtirok etish vakolati berildi.
Bundan tashqari, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchining maxsus markazlarga joylashtirilgani unga 1 oygacha bo‘lgan muddatga vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasini berish uchun asos bo‘lishi belgilandi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kun – 2026-yil 2-iyuldan kuchga kirdi.
N.Abduraimova,
O‘zA