Zo‘ravon talonchilar guruhi qo‘lga olindi
Fuqarolar 26 yoshli A.A., 25 yoshli R.A. va 24 yoshli E.S. o‘zganing mulkini ochiqdan-ochiq talon-toroj qilish maqsadida o‘zaro jinoiy til biriktirib, bir guruhga birlashgan.
Toshkent viloyati Chirchiq shahar Sharq mahallasi hududidan o‘tgan «Bo‘z suv» kanali oldida 30 yoshli X.X.ga zo‘rlik ishlatib, uning yonida bo‘lgan 2 million so‘mlik “VIVO 23» rusumli telefon apparati, 250 ming so‘mlik bir dona nikoh uzugi va 270 ming so‘mlik bir dona kumushdan ishlangan erkaklar uzugini talonchilik yo‘li bilan qo‘lga kiritib, hodisa joyidan yashiringan.
Bundan tashqari, ular o‘zlarining jinoiy qilmishlarini davom ettirib, o‘zganing mulkini ochiqdan-ochiq, takroran talon-toroj qilish maqsadida Toshkent viloyati Qibray tumani Turkiston mahallasi hududida 33 yoshli D.Z.ga zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitib, tanasining yuz va qorin qismiga urib tan jarohati yetkazib, unga tegishli bo‘lgan 2 million so‘m naqd pul, 1,8 million so‘mlik “Samsung A20» rusumli telefon apparati va 12,2 million so‘mlik erkaklar kumush hamda tilla taqinchoqlarini ochiqdan-ochiq talon-toroj qilib, hodisa joyidan yashiringan.
Mazkur holat yuzasidan Qibray tumani ichki ishlar bo‘limi tergov bo‘limi tomonidan A.A., R.A. va E.S.larga nisbatan Jinoyat kodeksining 166-moddasi 3-qismi «a» bandi (talonchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, barcha gumon qilinuvchilarga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, hozirda ushbu shaxslarning boshqa jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda. Tergov davom etmoqda.
N.Abduraimova, O‘zA