Zominda jamoatchilik eshituvi o‘tkazildi
Zomin tuman hokimligida “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi”ning joriy yil “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturida belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish yuzasidan jamoatchilik eshituvi bo‘lib o‘tdi.
“Yuksalish” umummilliy harakati Jizzax viloyati hududiy bo‘linmasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda tuman hokimligi, sog‘liqni saqlash, sanitariya epidemiologiya nazorat markazi mutaxassislari, mahalla faollari va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
“Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturining 177-bandida aholini koronavirus infeksiyasiga qarshi profilaktik emlash ishlarini tashkil etish nazarda tutilgan. Ushbu jamoatchilik eshituvida ham mazkur masala yuzasidan tuman DSENM va tuman tibbiyot birlashmasi mas’ul rahbarlarining davlat dasturi ijrosi yuzasidan olib borayotgan ishlari yuzasidan hisoboti tinglandi.

Ayni paytda, tumanda jami 11 ta aholini emlash punkti tashkil etilib, ularda shu kunga qadar 42 ming 25 nafar aholi vaksinatsiya qilingan. Vaqsina olganlarning 2 ming 650 nafari 1-bosqich, 7 ming 88 nafari 2-bosqich, 5 ming 64 nafari 3-bosqichni qabul qilgan. Rejaga yana 98 ming 664 nafar fuqaro vaksinatsiya qilinishi belgilangan.
– Jarayonda bir qator kamchiliklar bo‘lib, asosiysi aholidan, davlat va nodavlat tashkilotlari ishchilaridan PZRga namuna olib kelishda va musbat chiqqan fuqarolarning uylariga borib dezinfeksiya tadbirlarini o‘tkazishda texnika yetishmovchiligi mavjudligi yaqqol ko‘rib qolmoqda, – deydi “Yuksalish” umummilliy harakati viloyat hududiy bo‘linmasi rahbari X.Abduniyazov. – Yuzaga kelayotgan bu muammoni tuman hokimligiga va xalq deputatlari tuman Kengashi sessiyasiga kiritishimiz shart va bu masala qancha tez hal etilsa, aholini vaksinatsiya, ya’ni emlash jarayoni shunchalik tez poyoniga yetadi. Koronovirusga qarshi kurashda bu juda katta samara berib, ushbu epidemiyani to‘xtatish jarayoni tezlashadi.

Tadbir davomida “Yuksalish” umummilliy harakati viloyat hududiy bo‘linmasi tomonidan jamoatchilik monitoringi davomida aniqlangan kamchiliklarga ham to‘xtalib o‘tildi.
Jamoatchilik eshituvi yakunida davlat dasturida belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish yuzasidan qo‘shimcha taklif va tavfsiyalar bildirildi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA