Zohidjon Olov: “Yomg‘ir maktublari”
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida yangi kitob
Iste’dodli shoir Zohidjon Olovning “Yomg‘ir maktublari” kitobi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida nashrdan chiqdi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, taniqli shoir Zohidjon Olovning ushbu to‘plamdan o‘rin olgan she’rlari Vatan vasfi, yurt odamlari, azaliy va abadiy do‘stlik, muhabbat, ishq va oshiqlikni ulug‘lovchi she’rlardan iborat.
Kitobda shoirning taniqli san’atkorlar kuyga solib, ijro etgan she’rlarini ham uchratasiz.
“Yomg‘ir maktublari”dan joy olgan she’rlarni mutolaa qilarkansiz, yomg‘irli havodan nafas olayotganingizni, derazaga kelib urilayotgan yomg‘ir tomchilari nolalarida aks etayotgan shirin orzularga to‘la yoshligingizni ko‘rgandek bo‘lasiz.
Qadim xatlar aro kelar bir sado,
Bu elning ko‘ksi tog‘, qadri osmondir.
Kim ne desa desin, qilmasman parvo,
Jahon ichra o‘zi bitta jahondir –
Dunyoning jannati O‘zbekistondir!
Kitobga O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toir so‘zboshi yozgan.
– Ishonch bilan ayta olamanki, Zohidjonning “Yomg‘ir maktublari” Sizning kitob javoningiznigina emas, balki ko‘nglingiz e’zozida turguvchi kitoblardan biriga ham aylanadi, deya yozadi u.
“Yomg‘ir maktublari”ni o‘qing.
O‘zA