Ziyorat ichra ma’naviy nur
“Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zolaridan iborat bir guruh ziyolilar Samarqand viloyatida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qayta bunyod etilgan, islom olamining muqaddas maskanlaridan biri — Imom al-Buxoriy majmuasini ziyorat qildi.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati tomonidan 9-may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan amalga oshirilayotgan "Ehtirom" loyihasi doirasida jamiyatning bir guruh a’zolari — taniqli olimlar, ziyolilar, madaniyat va san’at ahli, ijodkorlar va nuroniylar ishtirok etdi.

Toshkent shahridan erta saharda Samarqand sari yo‘lga tushgan mahobatli avtobusda o‘ziga xos ma’naviy-ma’rifiy tadbir boshlanib ketdi. Aynan shu sohada uzoq yillardan buyon samarali faoliyat ko‘rsatib kelayotgan tarix fanlari doktori, professor Abduxalil Mavrulov ajib davra suhbatini boshlab berdi:
Davra suhbatiga “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati raisi Baxtiyor Husanov boshlovchilik qildi. Dastlab O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir To‘lqin Eshbek “Ehtirom” loyihasida ko‘rsatilgan ehtiromga yarasha kelgusida ma’naviyat va ma’rifat targ‘ibotini yanada jonlantirish haqida so‘z yuritdi. She’rlaridan o‘qib berdi.

El suygan shoirlar Munavvarxon Usmonova, Zulfiya Mo‘minova, Sirojiddin Rauf, Dilshod Rajab, Axtamquli, Farog‘at Xudoyqulova, Shahlo Ahrorovalarning Vatan, millat, xalqni tarannum etuvchi she’rlari davraga fayz kiritdi.
Taniqli olimlar Jamila Shermuhamedova, Narzulla Jo‘rayev, Obiddin Mahmudov, Feruza Muhiddinova, Feruza Akromova, Dilorom Bobojonova, Iskandar Hayitov, Mavluda G‘afforova, Mirodiljon Barotov, Ra’no O‘rozovalarning Yangi O‘zbekiston g‘oyalari qanchalik muhim voqelikka aylanayotgani, Uchinchi Uyg‘onish davriga monand jamiyatda yuz berayotgan ulkan islohotlar, betimsol bunyodkorlik ishlari, bugungi yoshlarni ona Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashga oid dil so‘zlari davraga fayz bag‘ishladi.

Millionlab muxlislari qalbidan joy olgan san’atkorlar Mehmonali Salimov, Aziz Rajabiy, Odinaxon Narzullayeva, Barno Qodirova, Odinaxon Abdurahmonova diltortar qo‘shiqlari va o‘zlari ijro etgan rollardan parchalar namoyish etishlari barchani hayajonga soldi.
Aytish joizki, avtobus sahnasida ijodiy mahoratini namoyish etayotgan ana shu shoirlar, olimlar va san’atkorlar atoqli shoir Cho‘lpon ta’biri bilan aytganda, mudom xalq ichiga quchoq ochib boradilar va yil davomida mamlakatimiz bo‘ylab barcha viloyatlarda, qishlog‘u shaharlarda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazib, odamlarni ezgulikka chorlaydilar.
Turkiyalik olim, ijtimoiy-siyosiy fanlar doktori Kemal Yavuz Ataman “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati faxriy a’zosi sifatida so‘zga chiqib, ziyoratdan olgan taassurotlarini so‘zlab berdi. Bu dil so‘zlari zamirida o‘zbek va turk xalqlari o‘rtasidagi azaliy va abadiy do‘stlik rishtalari o‘z ifodasini topgan.
Dilobar Mamatova,
Ruxsoroy Mahammetova,
O‘zA