Ziyolilar ma’rifiy safarbarlik yo‘lida yanada hamjihat bo‘lishdi!
«Ma’rifat haftaligi» – ilm, tafakkur va ezgu tashabbuslarni birlashtirgan umummilliy ma’rifiy harakatga aylanmoqda.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazida «Ma’rifat haftaligi» doirasida hududiy targ‘ibot guruhlari uchun o‘quv-seminar tashkil etildi. Unda mamlakatimizning barcha hududlarida amalga oshiriladigan keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy loyihalarga puxta tayyorgarlik ko‘rish, ziyolilarning jamiyat hayotidagi faolligini yanada oshirish hamda aholi bilan samarali muloqotlarni yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Joriy yilning oktabr–dekabr oylarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan ma’rifiy tadbirlardan ko‘zlangan maqsad – ilm-fan, adabiyot, san’at va ma’naviyat ahlini ezgu maqsadlar yo‘lida birlashtirish, ularning boy hayotiy tajribasi va salohiyatini jamiyat taraqqiyotiga yo‘naltirishdan iborat.
«Ma’rifat haftaligi» bu shunchaki tadbirlar haftaligi emas, balki jamiyatda ma’naviy muhitni mustahkamlash, inson qalbiga ezgulik urug‘ini ekish va yosh avlodni yuksak maqsadlar sari ruhlantirishga qaratilgan muhim tashabbusdir.

Loyiha doirasida olimlar, shoir va yozuvchilar, san’atkorlar, ziyolilar hamda ma’naviy-ma’rifiy soha vakillari hududlardagi targ‘ibot ishlariga jalb etiladi. Ular mahallalar, ta’lim muassasalari, korxona va tashkilotlarda aholi bilan yuzma-yuz uchrashuvlar, ochiq muloqotlar va ma’rifiy tadbirlar o‘tkazib, bugungi kunning dolzarb masalalari yuzasidan o‘z fikr-mulohazalari va amaliy tavsiyalari bilan o‘rtoqlashadilar.
O‘quv-seminar davomida hududiy targ‘ibot guruhlarining asosiy vazifalari, faoliyatning ustuvor yo‘nalishlari hamda kutilgan natijalar atroflicha muhokama qilindi. Xususan, ziyolilarning jamiyat hayotidagi o‘rni va ta’sirini kuchaytirish, aholining turli qatlamlari bilan manzilli ishlash, zamonaviy targ‘ibot usullarini joriy etish hamda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarning amaliy samaradorligini oshirish masalalariga urg‘u berildi.
Seminarda «Oila va gender» ilmiy-tadqiqot instituti, Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti hamda Progressiv islohotlar markazi ekspertlari ham ishtirok etdi. Ular oila va yoshlar bilan ishlash, dolzarb ijtimoiy muammolarga ilmiy-amaliy yechimlar topish, turli auditoriyalar bilan samarali muloqot olib borish va zamonaviy targ‘ibot usullaridan foydalanish bo‘yicha tavsiyalar berdilar.

Mutaxassislar tomonidan oila mustahkamligini ta’minlash, oilaviy ajrimlarning oldini olish, yoshlar tarbiyasi, milliy qadriyatlar, vatanparvarlik, diniy bag‘rikenglik, axborot tahdidlariga qarshi ma’rifiy yondashuv va mehnat jamoalarida sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish kabi muhim mavzularda ma’ruzalar qilindi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda ma’rifiy ishlarni zamon talablari asosida tashkil etish, har bir insonning qalbi va ongiga ta’sir ko‘rsata oladigan samarali muloqot shakllarini qo‘llash muhim ahamiyat kasb etmoqda. Buning uchun esa aholining fikr va takliflarini tinglash, mavjud muammolarni chuqur o‘rganish hamda ularning yechimiga jamoatchilikni keng jalb etish zarur.
Ayniqsa, mahallalarda turli ijtimoiy qatlamlar bilan manzilli ishlash, yoshlarda mustaqil va tanqidiy fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirish, ularni yot g‘oyalar va axborot xurujlaridan asrash, ma’naviy immunitetini mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

O‘quv-seminarda hududlarga safarbar etiladigan targ‘ibot guruhlari a’zolari — olimlar, shoir va yozuvchilar, san’atkorlar, ziyolilar hamda diniy-ma’rifiy soha vakillari bevosita ishtirok etdilar. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining hududiy rahbarlari esa seminarda ZOOM platformasi orqali qatnashdilar.
Tadbirda ta’kidlanganidek, «Ma’rifat haftaligi»ning bosh g‘oyasi ziyolilar salohiyatini birlashtirish, ilm-fan va tafakkur yutuqlarini keng targ‘ib qilish, ezgu tashabbuslarni har bir mahalla, har bir oila va har bir yosh qalbiga yetkazishdir. Zero, jamiyat taraqqiyoti, avvalo, inson ma’naviyati, tafakkuri va ezgulikka bo‘lgan intilishi bilan chambarchas bog‘liq.
Seminar yakunida Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti katta o‘qituvchisi Ra’no Ahmedova hamda Progressiv islohotlar markazi mas’ul xodimi Saodat Umarova «Ma’rifat» targ‘ibotchilar jamiyati a’zoligiga qabul qilindi.
Qayd etish joizki, «Ma’rifat haftaligi» Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamda «Ma’rifat» targ‘ibotchilar jamiyati hamkorligida amalga oshirilmoqda.
Ma’rifatli jamiyat – taraqqiyot tayanchi. Ziyolilar birlashgan, ilm va ma’rifat ustuvor bo‘lgan yurtda ezgulik, hamjihatlik va bunyodkorlik g‘oyalari yanada mustahkam qaror topadi. «Ma’rifat haftaligi» esa ana shu ezgu maqsadlar sari tashlangan muhim qadamdir.
N.Usmonova, O‘zA