“Ziyo ulash” aksiyasida 20 mingdan ortiq kitob yig‘ildi
Adliya vazirligi aholi orasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish, kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishni oshirish va intellektual salohiyatni yuksaltirishga qaratilgan "Ziyo ulash" loyihasini davom ettirmoqda.
Ushbu ijtimoiy loyiha o‘tgan yilning fevral oyida boshlangan bo‘lib, O‘zbekistonning barcha hududlarini qamragan.
Shu vaqt mobaynida adliya organlari ko‘magida 200 dan ortiq mahallada 50 mingdan ziyod kitob – badiiy adabiyot, mahalliy va xorijiy mumtoz va zamonaviy asarlar, shuningdek, huquqiy qo‘llanmalar to‘plangan kichik kutubxonalar tashkil etildi.

2025 yilda Adliya vazirligi kitobxonlikni yanada qulayroq qilish maqsadida loyiha doirasida "bukkrossing" – kitoblarni erkin almashish tashabbusini amalga oshirmoqda.
Endilikda davlat xizmatlari, yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari, FHDYO organlari va "Madad" NNT byurolarida tashrif buyuruvchilar kitob olib ketishlari va o‘z navbatida, boshqa kitobni qoldirishi mumkin.
Ushbu loyiha nafaqat kitobxonlikni ommalashtirish, balki jamiyatda ma’rifat, ma’naviyat darajasi oshishiga xizmat qiladi. Ayniqsa, kutubxona bo‘lmagan hududlarda ushbu tashabbus odamlarga eng yaqin davlat xizmatlari markaziga kirib, cheklovlarsiz kitob o‘qish imkonini beradi.
Muhimi, bu tashabbus kitoblarga hayot bag‘ishlaydi. Eng muhimi, o‘tgan qisqa vaqtda ushbu tashabbus orqali ko‘ngillilar tomonidan 20 mingdan ortiq kitob yig‘ildi va ularning 11,3 ming donasi yangi egalarini topdi.
Kitob – nafaqat inson ongu shuurini, balki hayotini o‘zgartirishi mumkin.
N.Abduraimova,
O‘zA