Zira qo‘shimcha daromad manbai
Tajriba
Mamlakatimizda sug‘oriladigan yerlardan unumli va oqilona foydalanish orqali imkon qadar mo‘l va sifatli hosil olish, ayniqsa, suvdan samarali foydalanish bugungi kundagi dolzarb masalalardan biri hisoblanadi.
Shu bois ham mavjud ekin maydonlari, suv resurslari hamda qo‘llanilayotgan tabiiy va ximiyaviy ozuqalardan unumli foydalanishga erishish orqali hosildorlikni oshirish bo‘yicha zarur izlanishlar olib borilmoqda.
Jumladan, andijonlik agrar soha olimlari g‘o‘za bilan birga serhosil, tezpishar, ekologik toza mahsulotlarni bera olish imkoniyatiga ega bo‘lgan hamkor ekinlar – soya, yeryong‘oq, sevok piyozi, zira va boshqa turli sabzavot ekinlar yetishtirish bo‘yicha ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib bormoqda.
Xususan, g‘o‘za qator orasiga zira ekish tajribasi ana shu yo‘nalishdagi ishlardan biridir. Zira g‘o‘zaning asosiy rivojlanish fazalariga jiddiy raqobat tug‘dirmasdan, qator orasiga ekiladi. Bunda agrotexnik tadbirlarni ilmiy asosda rejalashtirish, ekish muddatlari va oziqlantirishni to‘g‘ri belgilash, sug‘orish rejimini muvofiqlashtirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Ushbu jarayonda nav tanlash ham muhim hisoblanadi. Bunda hosildorligi yuqori, tashqi omillarga bardoshli va bozor talabidan kelib chiqqan holda navni tanlash muhim. Urug‘ning to‘la, o‘lchami va rangi bir xil, serhosil va turli kasalliklarga chidamli bo‘lishi maqsadga muvofiq. Zira chigit bilan bir vaqtda yoki alohida ekilib, гектaригa 7-7,5 kilogrammni tashkil etishi lozim.
Respublikamizda so‘nggi yillarda mahalliy sharoitlarda yetishtirilib kelinayotgan Xitoyning serhosil va kasalliklarga chidamli “Siyunechen-1”, “Shinjon zirasi”, “Sin zirasi”ni, shuningdek, “Samarqand”, “Tojikiston”, “Eron”, “Andijon” kabi zira navlarini ekish mumkin.
Har bir uyada, to‘liq ko‘chat hosil qilish uchun plyonka teshikchalari yupqa tuproq bilan qoplanishi kerak. Urug‘ning bir xil unib chiqishini ta’minlash, tuproqni nam saqlash uchun dastlabki sug‘orish yengil o‘tkaziladi. Zira hosili pishib yetilgunga qadar tuproq sharoitini hisobga olgan holda 8-10-marta sug‘oriladi.
G‘o‘za va zira ekilgan maydonda begona o‘tlar tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Chunki begona o‘tlar g‘o‘zaning ildiz tizimiga nisbatan tez o‘sib, g‘o‘zaga nisbatan bir necha marta ko‘p suvni o‘zlashtiradi. Zira o‘simligi hosilini yig‘ishtirib olish jarayoni o‘simlikning to‘kiluvchan xususiyati sababli juda mas’uliyatli bosqich hisoblanadi. Hosilni o‘z vaqtida yig‘ish katta ahamiyatga ega. Chunki kechiktirilganda urug‘lar to‘kilib, sezilarli yo‘qotishlar yuz beradi.
Zira hosili qo‘lda yoki mexanik usulda yig‘ib olinadi. Kichik maydonlarda o‘simlik ildizi bilan sug‘urib olinadi yoki pastdan o‘rib, bog‘lam qilinadi va 5–7 kun davomida quritiladi. Katta maydonlarda esa donli ekinlar uchun moslashtirilgan kombaynlar qo‘llaniladi.
O‘simlikning xushbo‘y hidi va tarkibidagi efir moyi ziraning o‘zi, hamda g‘o‘zaning ham turli kasalliklar bilan zararlanishini kamaytiradi. G‘o‘za qator orasiga zira ekilganida yer, suv, o‘g‘it va boshqa resurslardan foydalanish samaradorligi ortadi. Har gektardan o‘rtacha 30–35 million so‘mgacha qo‘shimcha daromad olish imkoni mavjud.
Feruzaxon Hasanova,
Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari
ilmiy tadqiqot instituti bo‘lim boshlig‘i, professor.
Ilhomjon Abdurahmonov,
Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari
ilmiy tadqiqot institutining Andijon ilmiy-tajriba stansiyasi direktori, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori.
O‘zA.