Zimmamizdagi mas’uliyat ikki karra ortdi
Xabaringiz bor joriy yilning 1 apreldan boshlab fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limlari Davlat xizmatlari agentligi tasarrufiga o‘tkazildi.
Shundan keyin tizimni salohiyatli kadrlar bilan to‘ldirish maqsadida hukumat qaroriga asosan joriy yilda FHDYO bo‘limlari, Nikoh uylari xodimlari ilk marotaba onlayn rejimida attestatsiyadan o‘tkazildi.
Respublika miqyosida tashkil etilgan ushbu imtihon barchamizga katta sinov bo‘lib, bizning bilim saviyamizni aniqlash bilan bir qatorda malaka oshirish, o‘z ustimizda ko‘proq ishlash va vazifamizga mas’uliyat bilan yondashishga zamin yaratdi.
Mazkur attestatsiya jarayonining ijtimoiy tarmoqlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatilgani, uni shaffof va ochiq tizim asosida o‘tkazilganini bildiradi. Sinov jarayonini istagan kishi nafaqat mamlakatmiz hududida, balki, butun jahon bo‘ylab kuzatish imkoniga ega bo‘ldi. Shaffoflik va ochiqlik asosida sohaning bilimli va fidoiy insonlari saralab olindi.
Bugun har bir FHDYO xodimi sohadagi yangiliklar va o‘zgarishlardan xabardor bo‘lishi, aholining ortiqcha ovvoragarchiligiga yo‘l qo‘ymasligi, ularga sifatli davlat xizmatlarini ko‘rsatishi bilan birga, murojaatlar yuzasidan ham huquqiy tushuntirishlar berishi talab etiladi. Bunda xodimning bilim va kasbiy malakasi, tajribasi qo‘l keladi. Bizning oldimizdan hech bir yurtdoshimiz norozi chiqib ketmasligi kerak. Islohotlarimizning bosh maqsadi ham aholi bizning tizimdan rozi bo‘lishidir.
Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida mana bir necha yillardan buyon Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limi mudiri sifatida faoliyat olib borar ekanman, ozmi, ko‘pmi oilam, Vatanim uchun, yosh oilalarning baxtu saodati uchun hissa qo‘shib kelayotganimdan faxrlanaman.
Savollar bir oy oldin tarqatildi. Hammasi ochiq, shaffof bo‘ldi. Ish jarayonida ham attestatsiya tayyorgarlik ko‘rdik. Ko‘proq o‘qidik, izlandik. Sohada uchrayotgan muammoli masalalar, normativ-huquqiy hujjatlar bilan yaqindan tanishdik. Eng asosiysi harakatlarmiz besamar ketmadi. Natijalar bilan ma’lum ma’noda quvongan bo‘lsam, o‘z navbatida kamchiliklarim ham ko‘zga tashlandi. Ish faoliyatimizni yanada kengroq va izchilroq davom ettirish uchun qonunchilikdagi hujjatlar va yangi qabul qilinayotgan qonunlarni o‘z vaqtida o‘rganib, xabardor bo‘lishimiz kerakligini angladim.
Albatta, atestatsiyadan o‘tishim menga berilgan rag‘bat, zimmamdagi mas’uliyatning ikki karra ortishi demakdir. Zero, FHDYO mudirasi nomiga munosib bo‘lish uchun mas’uliyat hissi yanada ortdi.
Bugun bizga qo‘yilgan talablardan eng birinchisi korrupsiya bilan murosasiz kurashish, davlat xizmatlarini olishga kelayotgan har bir fuqaro bilan xushmuomalada bo‘lish va ortiqcha vaqt yo‘qotishni oldini olish choralarini ko‘rish zarur. Kelgusi faoliyatimizda ham xalqimizga sidqidildan mehnat qilishdan, yurtimiz rivoji yo‘lida olib borilayotgan sa’y-harakatlarda doimo oddingi safda bo‘lishdan charchamaymiz.
Gulnoz RAJABOVA,
Bo‘stonliq tumani
FHDYO bo‘limi mudirasi