Ziddiyat atrofida yangi fikrlar...
Rossiya-Ukraina
Ukrainadagi vaziyat, oziq-ovqat, energetika xavfsizligi va boshqa global muammolar “G20” Tashqi ishlar vazirlari uchrashuvi ishtirokchilari diqqat markazida bo‘ladi. Bu haqda “Press Trust of India” agentligi xabar qildi.
NATO Ukrainaga yordamni kengaytirishi keskinlashuv xavfini yuksaltiradi, dedi Shimoliy Atlantika alyansi Bosh kotibi Yens Stoltenberg.
“NATO ittifoqchilari kelishib olishdi – Ukraina uzoq kelajakda Alyansga a’zo bo‘ladi”, deb qo‘shimcha qildi u.
AQSH inqirozda Ukraina g‘olib chiqishini istaydi, bunga qanday erishishni esa Kiyevning o‘zi hal etishi kerak, dedi Oq uy Milliy xavfsizlik kengashi strategik kommunikatsiyalar bo‘yicha muvofiqlashtiruvchisi Jon Kirbi “Bloomberg” agentligiga intervyusida. Siyosatchi bayonotiga ko‘ra, “Ukraina Rossiya bilan qanday shart asosida muzokara boshlashini o‘zi aytishi kerak”.
Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning Xitoyga tashrifi Ukraina atrofidagi ziddiyatni siyosiy yo‘l bilan hal etishda Pekinga samarali ko‘mak beradi. Bu haqda XXR Xalqaro tadqiqotlar instituti Yevropa departamenti direktori Suy Xunszyan ma’lum qildi.
Pentagon Qo‘shma Shtatlar Kiyevga qurol-yaroq va harbiy texnika yetkazib berishda ziddiyat keskinlashib ketishi tahdidiga e’tibor bermayapti, dedi AQSH Mudofaa vazirining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Kolin Kol.
“Ukraina hozir harbiy sohada G‘arbning qo‘llab-quvvatlashiga muhtoj. Kiyev AQSHning, shuningdek ittifoqdoshlar va sheriklar yordamiga bog‘lanib qolgan. Agar bu ko‘mak to‘xtatib qo‘yilsa, muvozanat Rossiya foydasiga o‘zgaradi”, dedi u.
Qo‘shma Shtatlar Mudofaa vazirining xalqaro xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi Selest Uollanderning aytishicha, Oq uy ma’muriyati yetkazib berilayotgan qurol-aslaha uchun Ukraina mustaqil ravishda to‘lov amalga oshirishni boshlashi kerak, deb hisoblaydi.
AQSH Qurolli kuchlari Shtab boshliqlari qo‘mitasi tezkor boshqarmasi rahbari, general-leytenant Duglas Simsning ma’lumotiga qaraganda, bir yil davomida to‘rt ming ukrainalik AQSHda harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan.
Xitoy tomonidan Rossiya Qurolli kuchlariga taxminiy qurol va o‘q-dori yetkazilib berilishi nizo muddatini sezilarli darajada uzaytiradi. Bu haqda Pentagon matbuot kotibi, general Patrik Rayder ma’lum qildi.
Germaniyaning “Rheinmetall” mudofaa konserni Ukrainaga qiymati bir necha million yevroga teng infraqizil kamerali avtomatlashtirilgan “SurveilSPIRE” razvedka tizimi va uchuvchisiz boshqariladigan uchoqlar yetkazib berishni boshladi, deyiladi konsern rasmiy saytida.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Xalqaro jinoiy sud prokurori Karim Xon bilan uchrashdi, deb axborot berdi davlat rahbari matbuot xizmati. Xabarda aytilishicha, “Ukraina hududida sodir etilgan dahshatli jinoyatlar jazosiz qolmasligi kerak”, deya ta’kidlagan davlat yetakchisi.
Ukraina va Rossiya hukumatlari o‘rtasidagi ikki mamlakat davlat chegaralarida hamkorlik qilish va o‘zaro munosabat bo‘yicha 2011 yil Donetskda imzolangan bitim ijrosi to‘xtatiladi. Ushbu bayonotni hukumatning Oliy radadagi vakili Taras Melnichuk e’lon qildi. Shuningdek, Kiyev Ukraina va Belarus o‘rtasida 1995 yil Kiyevda imzolangan ayni shu mazmundagi Bitimni ham bekor qilgan.
Abror XON,
O‘zA