Zelenskiy: Ukraina bu huquqni qon bilan qo‘lga kiritdi
Bryusselda bo‘lib o‘tgan YeI sammitida Prezident Vladimir Zelenskiy mamlakatining tuzilmaga qo‘shilish jarayonini tezlashtirish vaqti kelganiga e’tibor qaratdi. Uning fikricha, Ukraina erkinlik, mustaqillik va Yevropa bilan integratsiya yo‘lida boshqa har qanday davlatdan ko‘ra og‘irroq sinovni boshdan kechirdi. Shu bois Kiyevning a’zolik masalasi ortiqcha kechiktirilmasligi lozim. Zelenskiy Yevropa rahbarlarini muzokaraning barcha bosqichlarini tezroq ochishga chaqirdi.
Davlat rahbari Kiyev to‘plagan harbiy tajribani ham muhim ustunlik sifatida ko‘rsatdi. Ya’ni, “Ukraina armiyasi bugungi kunda Yevropadagi eng kuchli” qurolli kuchlardan biridir. Bir necha yillik urush ko‘nikmasi butun qit’a xavfsizligi uchun ahamiyatli. Shu bois Ukraina Yevropa mudofaa tizimining ajralmas qismiga aylanishi mumkin.
Sammit doirasida Zelenskiy Yevropa davlatlari bilan hamkorlikda uzoq masofaga uchib, maxsus yo‘l bo‘ylab harakatlanadigan yuqori aniqlikdagi qurol turi – ballistik raketa dasturini rivojlantirish tashabbusini ham ilgari surdi. Mazkur loyiha qit’a xavfsizligini mustahkamlashga xizmat qilishini qayd etdi. U ayni yo‘nalishda turli qiyinchilikka qaramay ish davom etishini ta’kidladi.
Zelenskiy nutqida Rossiyaga ham alohida to‘xtalib, Vladimir Putinning maqsadi urushni to‘xtatish emas, aksincha bosimni davom ettirish ekaniga urg‘u berdi. Yevropa davlatlari holatni yaxshi anglab turganini ta’kidlab, Kiyev muzokaraga tayyorligicha qolayotganini bildirdi. Shu bilan birga Ukraina taqdiri nafaqat mamlakat, balki butun Yevropaning kelajak xavfsizligi bilan bog‘liqligini eslatdi.
Musulmon Ziyo, O‘zA