Zelenskiy Putinga yana energetik sulh taklif qildi
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Kremlga energetika ob’ektlariga o‘zaro hujumlarni to‘xtatishni taklif qildi, deb xabar berdi DW nashri.
“Agar Rossiya bizning energetika inshootlarimizga hujumlarni to‘xtatsa, biz ham xuddi shunday javob qaytarishga tayyormiz”, - dedi Zelenskiy 6-aprel kungi bergan bayonotida.
Ukraina yetakchisining bu taklifi Rossiya tomoniga AQSH vakillari orqali yetkazilgani aytilgan.
Ukraina rahbari o‘tgan tun Rossiya tomonidan Odessa shahridagi energetika ob’ektlari va turar-joy binolariga qilingan dron hujumlarini eslab o‘tdi. Bu hujum natijasida uch kishi halok bo‘lgan.
“Biz Rossiyaga hech bo‘lmaganda Pasxa bayramida o‘t ochishni to‘xtatishni bir necha bor taklif qildik. Bu yilning alohida davri hisoblanadi. Ammo ular uchun barcha vaqtlar bir xil, ular uchun muqaddas narsaning o‘zi yo‘q. Agar Rossiya urushni moliyalashtirish imkoniga ega bo‘lsa, u o‘z ixtiyori bilan hech qachon tinchlikka kelmaydi”, - dedi Zelenskiy va Kiyev ittifoqchilarini Moskvaga bosimni davom ettirishga chaqirdi.
30-mart kuni ham Zelenskiy diniy bayram - Pasxa munosabati bilan energetik sulhni muhokama qilishga tayyor ekanini aytgan edi. “Biz har qanday o‘t ochishni to‘xtatish masalasini muhokama qilishga tayyormiz. To‘liq sulhni ham”, - degan edi u.
Kreml esa bu taklifni rad etdi. Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskovning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya tomoni Ukrainaning bu tashabbusida aniq shakllangan Pasxa sulhini ko‘rmagan.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/jqSMtLIODoQ?si=Qd9cZWWg05BwGPGW" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA