Zelenskiy 24-fevral kuni saylov o‘tkazish rejasi e’lon qilinganini rad etdi
Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiy mamlakatda prezident saylovini o‘tkazish sanasi 24-fevralga belgilangani e’lon qilingani haqidagi xabarlarni inkor etdi va bu boradagi o‘z qarashini bildirdi. U ta’kidlaganidek, “Xavfsizlik birinchi o‘rinda turadi. Binobarin, to‘liq ko‘lamli urush boshlangani to‘rt yilligi munosabati bilan saylov masalasini muhokama qilish g‘oyasining o‘zi qabul qilinishi mumkin emas”.
Zelenskiy aytishicha, “24-fevral ramziy va fojiali sana: to‘rt yillik urush, minglab o‘lim, davlat uchun kundalik kurash. Hech qanday saylov ushbu kunda e’lon qilinishi mumkin emas”.
Umuman, saylov haqida gapirar ekan, Zelenskiy yana bir bor takrorladi: avval sulh va xavfsizlik kafolati – keyin siyosiy jarayon. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina saylovga tayyor, ammo muammo tinchlikka erishish yo‘lida tashlangan haqiqiy qadamlardan so‘ng hal qilinishi kerak. Prezident hozircha energetika sulhi taklifiga javoban dron va raketa hujumi kuzatilgani, bu Moskva muzokara istamasligini ko‘rsatishini qayd etdi. Shuningdek, u ehtimoliy muzokara haqida ham fikr bildirdi:
– Qo‘shma Shtatlar kelasi hafta Mayamida uchrashuv o‘tkazishni taklif qildi va bunga Ukraina darhol rozi bo‘ldi. Abu-Dabi ham ko‘rib chiqilmoqda. Qayerda uchrashish muhim emas, asosiysi natijaga erishish.
U Yevropa integratsiyasini asosiy masala sifatida tilga oldi. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, “Ukraina 2027-yilga qadar Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishga texnik jihatdan tayyorgarlik ko‘rish niyatida.Kelajakdagi kelishuvlarda ma’lum bir sanani belgilash juda muhim. Aks holda Rossiya Yevropadagi ayrim vakillar orqali jarayonni sekinlashtirishga urinishi mumkin”.
Zelenskiy urushni tugatish rejasiga imzo chekish faqat aniq belgilangan kafolat – xavfsizlik va Yevropa nuqtai nazari hamda aniq muddat bilan amalga oshirilishi mumkinligini qat’iy ta’kidladi. Sana va majburiyatsiz har qanday kelishuv shunchaki siyosiy bayonot bo‘lib qolishi mumkinligiga urg‘u berdi.
S.Rahimov, O‘zA