Zarkent “Uzum sayli”ga chorlamoqda
Toshkent viloyati Parkent tumanining Zarkent qishlog‘i har yili pishiqchilikning eng qizigan pallasida nafaqat mahalliy aholi, balki xorijlik mehmonlarni ham o‘ziga ohanrabodek jalb qilib keladi. Joriy yilning 22-23 avgust kunlari Parkent tumani Zarkent qishlog‘ida an’anaviy uzumchilik tajribasi hamda bog‘dorchilik mahsulotlarining noyob tur va navlarini keng ommalashtirishga qaratilgan “Uzum sayli” va Xalqaro vinochilik festivali bo‘lib o‘tadi.
Hozirda tashkilotchilar tomonidan festivalga tayyorgarlik jarayonlari qizg‘in pallaga kirgan. Mazkur festival oldidan o‘tkaziladigan tadbirlar rejasi, dasturlar bilan yaqindan tanishtirish maqsadida jurnalist va blogerlar uchun soha mas’ullari ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi.
Unda Toshkent viloyat hokimi o‘rinbosari Jamshid Bobojonov, Parkent tumani hokimi Sardor Isaqulov va boshqa mas’ul tashkilotlar rahbarlari tomonidan atroflicha ma’lumot berildi.

Qayd etilganidek, bu yil festival uchinchi bor o‘tkazilmoqda. Unga 40 dan ziyod xorij davlatlaridan uzumchilik va vinochilik sohalarida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar kelishi kutilmoqda. Shu bilan birga, xorijlik sayyohlarning ham qiziqishi katta, albatta. O‘tgan yili xorijlik hamkorlar bilan eksport shartnomalari 32 million dollarni tashkil etgan.
Tadbir doirasida viloyat turizm salohiyatini namoyish etish, milliy mahsulotlar va brendlarni jahon bozorida munosib o‘ringa ega bo‘lishini ta’minlash choralari ko‘riladi. Shuningdek, mazkur jarayonlarni tomosha qilish uchun jami bir million nafarga yaqin sayyohlar kelishi kutilgan. Ularga qulaylik yaratish maqsadida belgilangan yo‘nalishlarda bepul transport qatnovi ham yo‘lga qo‘yiladi.
Festival doirasida soha mutaxassislari ishtirokida ilmiy-amaliy seminarlar tashkil etiladi. Respublika ko‘rik-tanlovlari, hunarmandchilik mahsulotlari, milliy taomlar va liboslar namoyishlari, san’at va madaniy tadbirlar, folklor jamoalarning ishtiroki ham rejalashtirilgan.

O‘z navbatida mamlakatimizning barcha viloyatlaridan fermer xo‘jaliklari, vino zavodlari vakillari maxsus tashkil etilgan pavilonlarda o‘z mahsulotlarini namoyish qiladi. Tabiiy ichimliklar, sharbatlar va sharbat konsentratlari ishlab chiqarish korxonalari o‘z mahsulotlari bilan qatnashadi.
Festivalning biznes zonasida esa taqdimotlar, muzokaralar, mahorat darslari, xalqaro hamkorlik shartnomalari va investitsiya bitimlari imzolanishi rejalashtirilgan. Shu bilan birga, O‘zbekistonning yetakchi vinochilari va qo‘shma korxonalar ishtirokida vino mahsulotlari degustatsiyalari, nodir vinolarni sotish bo‘yicha auksionlar o‘tkaziladi.

– Hozir viloyatdagi uzumzorlar maydoni 13 ming gektardan 19 ming gektarga yetdi, – deydi viloyat hokimi o‘rinbosari J.Bobojonov. – Uzumzorlarda yetishtirilayotgan mahsulotlarning 40 ming tonnadan ortiq qismi 11 ta davlatga, vino mahsulotlari esa 9 ta davlatga eksport qilinmoqda. Kelgusi 3 yilda hududda yana 20 ming gektar hosildor uzum plantatsiyalarini yaratish rejalashtirilgan. Natijada uzum maydonlari 39 ming gektarga yetkaziladi.
Bugungi kunda yurtimizda 28 dan ortiq xo‘raki va vinobop uzum navlari yetishtirilayotgan bo‘lsa, shundan 13 tasi aynan Toshkent viloyatiga to‘g‘ri keladi. Asosiysi aholi xonadonlarida uzum yetishtirish, mayiz, shinni kabi mahsulotlarni tayyorlashning an’anaviy usullarini yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Matbuot anjumanida mas’ullar tomonidan jurnalistlar bergan savollarga javob berildi, taklif va tavsiyalar tinglandi.
A.Musayev,A.Alijonov, O‘zA.