Zararli va xavfli dorilardan ehtiyot bo‘ling
Buxoro viloyati Romitan tumani tibbiyot birlashmasi tizimidagi hamshiralar ham mahalla va qishloqlarda, Gazli shaharchasida, Qizilravot, Gugurtli kabi olis va chekka hududlarda patronaj ishlarini amalga oshirish, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish barobarida odamlarimizni o‘ta xavfli deb topilgan turli dori vositalaridan ehtiyot bo‘lishga, o‘z sog‘liklariga e’tiborli bo‘lishga chaqirmoqda.
–Respublikamizda dori vositalari sifatini nazorat qilish va standartlashtirish laboratoriyasi tomonidan o‘tkazilgan “Dok-1 Maks” va “Ambronol”ning chuqurlashtirilgan sifat nazorat natijalariga ko‘ra, ushbu preparatlar normativ hujjatda ko‘rsatilgan tarkibga nomuvofiqligi aniqlangan, – deydi Romitan tumani tibbiyot birlashmasi bosh hamshirasi Mamlakat Rajabova. –Ularning ayrim seriyalarida propilenglikol moddasi o‘rniga yoki u bilan birga etilenglikol va diyetilenglikol moddalari mavjudligi ayon bo‘lgan. Shu boisdan, aholi salomatligini muhofaza qilish va qolgan dorilarni ham qo‘shimcha tekshiruvdan o‘tkazish maqsadida ehtiyot chorasi sifatida “Quramax Medical” MCHJ tomonidan 2022 yil mamlakat hududiga olib kirilgan barcha preparatlar sotuvi to‘xtatilgan. Tumanda istiqomat qilayotgan aholi xonadonlarida ushbu dori preparatlarini saqlanishi va ishlatilishiga chek ko‘yish maqsadida birlashma patronaj hamshiralari tomonidan faol patronaj targ‘iboti olib borilmoqda. Bu jarayon tuman tibbiyot birlashmasi va uning tarkibidagi birlamchi tibbiy sanitariya yordami muassasalari bo‘lmish oilaviy poliklinikalar hamda oilaviy shifokorlik punktlarida o‘tkazilmoqda.

Ayni kunlarda birlamchi tibbiy sanitariya yordami muassasalari xodimlari o‘ziga biriktirilgan hududda uyma-uy yurgan holda xonadon dori qutisini nazoratdan o‘tkazish, muddati o‘tgan preparatlar, saqlash qoidalari buzilgan hamda “Quramax Medical” yorlig‘i bo‘lgan barcha dori vositalarini qabul qilmaslik va iste’moldan chiqarish yuzasidan zarur chora-tadbirlarni ko‘rmoqda. Bu borada Sanitariya–epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi markazi xodimlari, mahalla, tuman ichki ishlar xodimlari ishtirokida targ‘ibot ishlari kuchaytirilib, buklet va tarqatma materiallar ham tarqatilmoqda.
Zarif Komilov,
O‘zA