Zangiotada yo‘l muammosiga zamonaviy yechim qilindi
Zangiota tumanida aholi uchun yillar davomida dolzarb bo‘lib kelgan transport muammosiga yechim topildi. "Sobir Rahimov – O‘rtaovul” bekatlari oralig‘ida bundan roppa-rosa to‘rt oy avval boshlangan bunyodkorlik ishlari yakunlanib, zamonaviy yo‘l o‘tkazgich foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali tadbirda Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruv raisi Zufar Narzullayev, viloyat va tuman hokimliklari mas’ullari, temir yo‘l sohasi vakillari, nuroniylar, yoshlar hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.

Avvallari poyezdlar harakatining uzluksizligi tufayli mazkur hududdagi temir yo‘l kesishmasida avtotransport va piyodalar harakatida qator noqulayliklar yuzaga kelardi. Ayniqsa, poyezd o‘tishini kutayotgan transport vositalarining to‘planishi fuqarolarning ortiqcha vaqt yo‘qotishiga, tirbandliklar yuzaga kelishiga sabab bo‘lar, harakat xavfsizligini ta’minlash borasida ham qo‘shimcha choralarni taqozo etardi.
Endilikda bu muammo zamonaviy infratuzilmaviy yechim asosida bartaraf etildi. “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tomonidan “Sobir Rahimov – O‘rtaovul” bekatlari oralig‘idagi 3384-kilometr, PK-2 nuqtasida mavjud temir yo‘l kesishmasi o‘rnida yangi yo‘l o‘tkazgich barpo etildi.

Loyiha doirasida keng ko‘lamli qurilish-montaj ishlari amalga oshirildi. Xususan, uzunligi 23,6 metr bo‘lgan bir dona ikki yo‘llik yangi temir yo‘l ko‘prigi qurilib, temir yo‘l izlari o‘z o‘rniga qaytarildi. Shuningdek, 1 ming 200 metr uzunlikdagi aylanma temir yo‘l hamda avtomobil yo‘li barpo etildi.
Tantanali marosimda so‘zga chiqqan viloyat hokimi yangi yo‘l o‘tkazgichning hudud transport infratuzilmasidagi ahamiyatiga to‘xtalib, bunday loyihalar, avvalo, aholi uchun qulaylik yaratish, harakat xavfsizligini ta’minlash va vaqtni tejashga xizmat qilishini ta’kidladi.
Shundan so‘ng ramziy qizil lenta kesilib, yangi yo‘l o‘tkazgich foydalanishga topshirildi. Ilk avtomobillar harakati ham shu yerning o‘zida yo‘lga qo‘yildi. Milliy qadriyatlarimizga ko‘ra, xayrli ish munosabati bilan jonliq so‘yilib, Qur’on tilovat qilindi.

Yangi yo‘l o‘tkazgichning ishga tushirilishi Zangiota tumani aholisi bilan birga ushbu hudud orqali harakatlanuvchi transport vositalari uchun ham muhim qulaylik yaratadi. Eng muhimi, temir yo‘l kesishmasida transport oqimining to‘xtab qolishiga barham berilib, harakat xavfsizligi oshadi, fuqarolarning vaqti tejaladi.
Shu tariqa, yillar davomida aholini qiynab kelgan muammo zamonaviy muhandislik yechimi bilan o‘z yechimini topdi. Yangi inshoot Zangiota tumani transport infratuzilmasining muhim bo‘g‘ini sifatida hududda harakatlanish qulayligi va xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.
A.Musayev, O‘zA